Му5
50

Sinoptiklar: bu yildagi kabi quruq kuz juda kam kuzatiladi

Jamiyat 22.11.2019, 14:27
284
Sinoptiklar: bu yildagi kabi quruq kuz juda kam kuzatiladi

Kechagi kungacha o`tgan kuz davrini noodatiy quruq davr deb ta`rifladi Gidrometeorologiya xizmati Markazi. 

Deyarli butun kuz — sentyabr, oktyabr va noyabr oyining katta qismida O`zbekiston bo`yicha kam bulutli, quruq va shamolsiz ob-havo kuzatildi. Faqat ayrim kunlarda ba`zi joylarga yomg`ir yog`di. Ular asosan kuchsiz va qisqa muddatli bo`ldi.

Bu yildagi kabi quruq kuz juda kam kuzatiladi.

Oxirgi 20 yil ichida 2002 va 2007 yillarning kuz fasllari ham quruq bo`lgan, 2013 yil kuz esa bu yilga o`xshash bo`lgan.

Harorat ko`rsatkichlari bo`yicha bu yilgi sentyabr, oktyabr oylari asosan iliqroq, ayrim joylarda meyordan iliqroq, noyabr oyida esa odatdagidan sovuq bo`ldi.

Kechadan boshlab havo keskin o`zgardi. Respublika hududining katta qismida, shimoliy tumanlardan tashqari, yog`ayotgan yomg`ir qorga aylandi. Tog`li hududlarda bu yilgi mavsumdagi birinchi qor qoplami hosil bo`ldi. 

Havo harorati kechasi 0-3 daraja sovuq, kunduzi 0-3 daraja iliqqacha pasaydi.

Mamlakatimizning shimoli — Qoraqalpog`iston, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida tungi harorat 12-15 daraja sovuqqacha, kunduzi 2-7 daraja sovuqqacha tushib ketdi.

Dam olish kunlari O`zbekiston bo`ylab bulutli ob-havo saqlanib turadi. Shimoliy hududlardan tashqari boshqa joylarda yog`ingarchilik, ko`proq qor yog`ishi kutiloqda. Harorat sezilarli o`zgarmaydi.

Dushanba kunidan boshlab yog`ingarchiliklar to`xtaydi. Lekin haftanning oxirigacha sovuq havo saqlanib turadi. Kechasi va ertalabki soatlarda 3-8 daraja sovuq, kunduzi 0-5 daraja iliq atrofida bo`ladi.

Шарҳлар