Fransiya sobiq prezidenti Jak Shirakning to`ng`ich qizi Lorans 58 yoshda vafot etdi

14:29, 15 aprel

Point haftalik jurnalining ma`lumot berishicha, Fransiyaning sobiq prezidenti Jak Shirakning qizi Lorans Shirak 58 yoshida yurak xurujidan vafot etgan, deb xabar berdi “TASS” nashri. 

O`tgan yakshanba kuni Lorans Shirak Parijdagi Neker nomli shifoxonaning intensiv terapiya bo`limiga yotqizilgan edi. Vrachlarning sa`y-harakatlari bilan uning to`xtab qolgan yuragi yana ura boshlagan, ammo Lorans koma holatidan chiqolmay, vafot etgan.

Lorans Shirak – Fransiya sobiq prezidenti Jak Shirakning to`ng`ich qizi hisoblanadi. U 1958 yilning 4 martida dunyoga kelgan. Lorans 15 yoshga to`lganda unda anoreksiya kasalligi alomatlari topilgan. U umuman ovqatlanishdan bosh tortib, ishtahasi bo`lmagan. Bu kasalga chalinishiga uning meningit kasalligini boshdan kechirgani sabab bo`lgan. Qizlarini kasallikdan xalos etish uchun Jak va Bernadett Shiraklar Fransiyaning etuk mutaxassislariga murojaat qilishgan, ammo bu kasallikning oldida tibbiyot ojiz qolgan. Ular qizlariga keragidan ortiq mehr ko`rsatishga, uni qo`llab-quvvatlashga harakat qilishgan. Jak Shirak siyosat ko`p vaqtini olib qo`yishiga qaramay, qiziga e`tibor qaratishga, vaqt ajratishga harakat qilgan. 

1974 yilda Jak Shirak Fransiya bosh vaziri etib saylanganda ham, har kuni ertalab qizi bilan birgalikda nonushta qilishga harakat qilgan. Ota-onaning, vrachlarning sa`y-harakatlari bilan kasallik biroz chekingan. Ammo 58 yillik umri davomida Loransni bu kasallik bezovta qilishdan to`xtamagan. Jak Shirak qizini ommadan, matbuotdan yashirib kelgan. Unga bu ishda kenja qizi Klod yordam bergan. U otasining jamoat bilan aloqa qilish guruhida maslahatchi lavozimida xizmat qilgan.  

Jak Shirak xotiralarida qizi Loransning kasali “hayotidagi eng katta fojia” bo`lganligini tan olgan. Uning rafiqasi Bernadett Shirak ham siyosatchi, ham jamoat arbobi bo`lishiga qaramay, bir necha yillar davomida Fransiyada anoreksiya kasalligining oldini olish, aynan shu kasallikka chalingan bemorlarga yordam berish bo`yicha hayriya ishlarida faol ishtirok etgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!