Ozodbek Nazarbekovning yolg`oni, tanqidlarga javobi hamda bugunning dolzarb muammolariga munosabati (foto+video)

16:02, 15 aprel

O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov shu kunlarda «Istiqlol» san`at saroyida «Mehring sabab» deya nomlangan konsert dasturini taqdim etmoqda.

Konsert dasturiga kirib borar ekanmiz, doimgidek unga respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan tomoshabinlarni ko`rdik. Sahnaning original o`ziga xos bezagi e`tiborimizni tortdi. 

Konsert asosan xonandaning yangi taronalaridan iborat bo`ldi. Bundan tashqari Ozodbek Nazarbekov ustoz san`atkorlarning repertuarlariga hamda o`zining ijodi avvalida kuylangan xit taronalarga ham murojaat qildi.

Nega aldadi? 

Xalq artisti muxlislarini nima deb aldadi ekan, degan savolga quyidagi javobni bermoqchimiz. Albatta, bu qo`shtirnoq ichida aytilishi kerak bo`lgan gap edi aslida, sababi san`atkorning bu aldovi uning konsertidagi eng kata yutuqlaridan biri bo`ldi desak mubolag`a bo`lmaydi. Xonandaning konserti jonli ijroda o`tdi, vaholanki, «Fonogramma orqali ijro etiladi» degan so`zlar barcha reklama bannerlarida e`lon qilingan edi. 

Konsertning yana bir yutuqlaridan bu san`atkorning jamiyatimizdagi muammolarni nazaridan chetda qoldirmagani bo`lgan. Xususan xonandaning «Allo ona», «Qaro ko`zim» deya nomlangan taronalari muxlislarni yig`latdi. «Allo ona» taronasida chet elga ishga ketdim deb yaqinlarini unutib qo`yayotgan muhojirlar muammosi ko`tarilgan bo`lsa, «Qaro ko`zim» oilalarning ajralishi sababli tirik etim bo`lib qolayotgan bolalarning dardi kuylangan.

Shu o`rinda konsertda mehmon san`atkor sifatida qatnashgan qiziqchi Avaz Ohun ham o`zining hazillarida aynan mana shu ajrashib ketayotgan oilalarning mavzusini yumor orqali juda ajoyib tarzda etkazishni uddasidan chiqqan. 

Tanqidlarga javob

Ozodbek Nazarbekov o`zining bugungi kunda xitga aylangan taronasi «Jigi-jigi»ni kuylashdan oldin, ushbu ashulani tanqid qilganlarga murojaat qildi:

«Ayrimlar qo`shiq taqdim etilganidan so`ng «shu ham qo`shiq bo`libdimi, xalq artisti aytishi uchun boshqa qo`shiq yo`qmidi, shunaqa ham qo`shiq aytadimi…» degan fikrlarni bildirdi. Fursatdan foydalanib, mazkur taronadagi «jigi-jigi» so`zini tushuntirib o`tmoqchiman. Qo`shiq Lutfiy g`azali bilan kuylangan, men uning birorta ham harfiga o`zgartirish kiritganim yo`q. Biroq biror-bir narsani tanqid qilishdan oldin, uni orqasida kimlar turibdi deb, ozgina fikrlash kerak. Xo`sh, «jigi-jigi» nima degani o`zi?
Jigi-jigi – bu o`sha davrlarda erkalab yosh bola va chiroyli qizlarga qarata «kel» degan murojaatni anglatadi».

Xonandaning mazkur taronaga to`liq izohini quyidagi video orqali ko`rishingiz mumkin.

Konsert dasturi ajoyib kuy-qo`shiqlar, teatrlashtirilgan tomoshalarga boy jonli tarzda o`tdi. Unda 17 ta yangi tarona tomoshabinlar hukmiga havola etildi.

Foto: Islom Ro`ziev

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 20:01, 17 aprel
агар шундай булса клипни хам эскича талкинда олиш керак эди