Islom Karimov va Nursulton Nazarboev xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar

22:38, 15 aprel

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev 14 aprel kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. 

Tashrifning asosiy tadbirlari 15 aprel kuni Ko`ksaroyda bo`lib o`tdi. 

Islom Karimov va Nursulton Nazarboev muzokaralar chog`ida O`zbekiston va Qozog`istonning turli sohalardagi hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. 

Prezidentimiz Qozog`iston Prezidentini yurtimizga ushbu tashrifi bilan qutlab, bu oliy darajadagi muloqotlarning izchil davomi ekanini ta`kidladi. 

– Sizni O`zbekistonda ko`rishdan har doim xursandmiz. O`zbek va qozoq xalqlari azaldan yaxshi qo`shni, do`st bo`lib yashab kelgan. Bugun mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik ana shu tamoyillar asosida rivojlanmoqda. Xalqaro vaziyat tez o`zgarib, tobora murakkablashib borayotgan hozirgi kunda bunday do`stlik, o`zaro anglashuv yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tashrifingiz tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyatdir, – dedi Islom Karimov. 

Qozog`iston Prezidenti O`zbekiston Prezidentiga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanayotganini qayd etdi. 

– To`g`ri ta`kidlaganingizdek, xalqlarimiz asrlar davomida yonma-yon, tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. Mustaqillik yillarida biz bu munosabatlarni yanada mustahkamladik. Markaziy Osiyoning etakchi davlatlari bo`lgan mamlakatlarimiz hamkorligi butun mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O`zaro munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va izchil davom ettirishdan manfaatdormiz, – dedi Nursulton Nazarboev. 

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik 1998 yilda Toshkentda imzolangan O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida Abadiy do`stlik to`g`risidagi shartnoma, 2013 yilda poytaxtimizda imzolangan O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda. 

O`zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat parlamentlari o`rtasida amaliy muloqot yo`lga qo`yilgan. Tashqi siyosat mahkamalari o`rtasidagi maslahatlashuvlar muntazamlik kasb etgan. 

Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik ko`plab masalalar bo`yicha tomonlarning pozisiyalari o`xshash yoki yaqindir. 

Ikki davlat rahbarlari Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik ta`minlanishi va iqtisodiyot tiklanishidan manfaatdor ekanini ta`kidladilar. Afg`onistonda harbiy kuch ishlatish yo`li bilan tinchlik o`rnatib bo`lmasligi, BMT shafeligida qarama-qarshi tomonlar o`rtasida siyosiy muzokaralar o`tkazish va o`zaro kelishuvga erishish eng to`g`ri va yagona yo`l ekanligi qayd etildi. 

Prezidentlar Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslari mintaqamizning umumiy boyligi bo`lib, xalqlarimiz farovonligi ko`p jihatdan ulardan oqilona va samarali foydalanishga bog`liq ekanligini ta`kidladilar. Transchegaraviy daryolarda gidroenergetika inshootlari qurish masalasida BMT konvensiyalari va boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan, xalqaro huquqning umume`tirof etilgan normalariga qat`iy rioya qilish zarurligi qayd etildi. 

Ta`kidlanganidek, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi Orolbo`yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishda muhim platforma bo`lib xizmat qilmoqda. 

Muzokarada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Qozog`iston mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biridir. O`zbekiston Qozog`istonga meva-sabzavotlar, transport vositalari, mineral o`g`itlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog`istondan yurtimizga qora va rangli metallar, yog`-moy mahsulotlari keltiriladi. 

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o`sib bormoqda. 2015 yil yakunlariga ko`ra, bu ko`rsatkich 3 milliard dollardan ziyodni tashkil qilgan. 

Qozog`istonda mamlakatimiz ishbilarmonlari ishtirokida tashkil etilgan 151 korxona faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda Qozog`iston kapitali ishtirokida 206 korxona, shu jumladan, 171 qo`shma korxona ochilgan. 

O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi o`rtasidagi hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya o`zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil 10-11 mart kunlari Ostona shahrida mazkur komissiyaning 15-majlisi bo`lib o`tdi. 

2007-2016 yillarga mo`ljallangan Iqtisodiy hamkorlik strategiyasiga muvofiq savdo, sarmoya, transport, kommunikasiyalar, bojxona, suv-energetika va innovasiya yo`nalishlarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samarasi o`zaro aloqalarga qo`shimcha sur`at bag`ishlamoqda. 

Transport kommunikasiyalari sohasi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlaridan hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo`llari o`zaro integrasiyalashgan. Bu muhim kommunikasiya tarmog`i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o`tamoqda. 

Muzokarada O`zbekiston va Qozog`istonning foydalanilmagan resurslarini ishga solish o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berishi ta`kidlandi. Hamon davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida tovar ayirboshlashning o`suvchan dinamikasini saqlab qolgan holda uning hajmini yanada ko`paytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikasiya qilish, eksport-import nomenklaturasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Qo`shma korxonalarni ko`paytirish, tadbirkorlar hamkorligini rivojlantirish mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qilishi qayd etildi. 

Uchrashuvda ijtimoiy sohadagi aloqalarni kengaytirish masalalariga ham e`tibor qaratildi. 

Ochiq va do`stona ruhda o`tgan muzokarada o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi. 

Shu bilan Qozog`iston Prezidenti Nursulton Nazarboevning mamlakatimizga amaliy tashrifi nihoyasiga etdi. 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!