Nima uchun hozir yosh ko`rinish urfda emas?

14:49, 16 aprel

Aktrisa Sharliz Teron GQ jurnali muqovasi uchun suratga tushib, ayolning yoshi haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashib, intervyu berdi, deb xabar berdi “Lady.mail.ru” nashri. 

“Ayollar vaqt o`tgan sari keksalikka yuz tutib, erkaklar esa kundan-kunga yosharib boradi, degan fikr singib qolgan jamiyatda yashayapmiz. Biz jamiyat o`zining nuqtai nazarini o`zgartirishini kutdik, ammo o`zimiz uni o`zgartirishimiz lozimligini, bunga qurbimiz etishini tushunib etdim”, – deydi Sharliz Teron.

Ba`zi bir ayollar jamiyat fikrini o`zgartirish bilan ovora bo`lgan vaqtda, ba`zi birlari esa 40 yoshida 20 yoshli qizday ko`rinish haqida orzu qiladi. 

“Agar yosh ko`rinmasang, hech kimni maftun etolmaysan”

“Yuzimni nima qilsam ekan?” deb so`raydi dugonam.
Uning yuziga hayron boqaman. Menimcha, yoshartiruvchi biror muolaja o`tkazmoqchi shekilli. “Nima keragi bor? Yuzingni terisi odam havas qiladigan darajada silliq, vaqti-soati kelganda biror nima qilarsan”, deyman hayron bo`lib. 

Dugonam 39 yoshga kirganiga qaramay, yuzi haqiqatan ham silliq, toza, ajin tushmaganligidan 30 yoshli ayolni eslatadi. Agar siz ham 39 yoshga kirgan bo`lsangiz, demak 10 yildan beri faqat yosharish, ajinlardan teringizni himoya qilish haqida o`ylaysiz.
Go`zallikni, jozibadorlikni ayollar faqat yoshlikda, yosh bo`lishda deb o`ylashadi. Agar yosh ko`rinmasang, demak xunuk ayolga aylanasan deb hisoblashadi. Bu ayollar to`qigan eng mudhish afsona bo`lib, unga ishongan ayol “yalmog`iz kampir”ga aylanishi hech gap emas. 

“Plastik jarrohlikdan keyin ham o`zgarmagan yuzlar”

Ko`zguga qaraysiz, yuzingiz oxirgi 10 yil mobaynida qancha jarrohlikni boshidan o`tkazmadi deysiz: botoks, rinoplastika, mezoterapiya, piling, filerlar, biorevitalizasiya va hokazolar...

Ilgari yuzingiz boshqalarnikidan farq qilgan bo`lsa, endi u deyarli hammaniki bilan bir xil, o`xshash bo`lib qolgan. Bundan Anjelina Joli va yana bir tanishim mustasno, ular korreksiya ta`sirida mutlaqo o`zgarmagan, qolganlarniki esa niqob xolos.

Agar plastik jarrohlik yo`li bilan yuzimni, yoshligimni saqlab qolaman desangiz, adashasiz, oradan o`n yil o`tgandan keyin jarrohlikdan foydalanganingizga afsuslanasiz. 
“Hozir hech kim 50 yoshli ayolni keksaygan deb hisoblamaydi”

Qancha harakat qilmang, baribir haqiqiy yoshni yashirishning iloji yo`q. Tashqi qiyofangiz chiroyli ko`ringani bilan hech kim 50 yoshida 30 yoshli ayolni eslatmaydi. Ilgarilari 50 yoshli ayol keksaygan deb hisoblangan bo`lsa, hozirda bu qarashlar o`zgarib ketgan. Chunki bugunga kelib yoshga nisbatan munosabat o`zgargan. Bu odamning o`ziga ham bog`liq, agar 50 yoshda kampir qiyofasiga kirishni, o`zingizni keksaygan deb hisoblashni istasangiz, marhamat, atrofdagilar ham sizni shunday qabul qilishadi. Har doim lab-lunjingizni osiltirib, duch kelgan kiyimni egningizga ilib olsangiz, o`zingizga qaramasangiz, qarabsizki, kampirsiz!

“Tashqi qiyofaning o`zi go`zallik belgisi emas. Yuz terisini torttirish yuzga tabassum baxsh etmaydi”

Evropaning har qanday klubiga tashrif buyurmang, u erda 40 yoshdan yuqori bo`lgan ayollarga ko`zingiz tushadi. Shunday klublardan biri tashkil etgan konsertda 60 yoshdagi shved ayoli bilan tanishib qoldim. U Evropa bo`ylab safarga chiqqan, shaharma-shahar kezar, xostellarda to`xtar, juda faol hayot kechirar edi.

Tashqi qiyofaning o`zi yoshlik belgisi emas. Agar musiqaga, raqsga, dunyo bo`ylab safar qilishga qiziqsangiz, buning uchun yuzingizni torttirishingiz shart emas. U sizga quvonch baxsh etmaydi. Zerikarli bo`lgan odamlar 20 yoshida ham keksa ko`rinishadi, yoshligi ham, ajinsiz yuzi ham uni qarilikdan qutqara olmaydi.

“Erkaklar qirq yoshda yosh ko`rinadi, ayollar esa aksincha...”

Har qanday inson jinsidan qat`i nazar, qirq yoshida ham botokssiz juda jozibali ko`rinadi. Erkaklar qirq yoshida ham yosh ko`rinadi, ayollar ansincha degan bema`ni fikrni xayoldan chiqarib tashlash lozim. Yoqimtoylik insonning yoshiga ham, jinsiga ham bog`liq emas.

“Ayollar faqat yoshlik baxt ato etadi deb o`ylashadi”

Yillar davomida ongimizga singib qolgan bu fikrdan voz kechishimiz juda qiyin. Ayollar faqatgina yoshlik, go`zallik baxt keltiradi deb o`ylashadi. Kechirasiz, bu xato fikr. Go`zal, jozibador va hayotga chanqoq bo`lishni orzu qilishning o`zi kifoya qilmaydi, balki shunday inson bo`lishga o`zimiz harakat qilishimiz lozim.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!