Rashk tufayli ikki inson umriga zomin bo`lgan qotil 22 yilga ozodlikdan mahrum etildi

11:00, 18 aprel

Oila mustahkam qo`rg`on. Shu mustahkamlikni asrab-avaylash juda katta matonat talab qiladi. Lekin bu hammaning ham qo`lidan kelmasligining isboti “Huquq” gazetasining 13-sonidagi bir jinoyat tafsilotida keltirilgan. 

Rafiqasining qo`l telefonidagi raqamni terib, notanish yigit ovozini eshitgan erning jazavasi tutdi. Xotinini iskanjaga oldi:

— Kim bilan topishib olding?

—  Telefon raqamimni yanglishib tergan.

—  Ikki-uch martalab yanglishadimi?..

—  O`zingiz ham necha marta "adashib teribsiz, meni raqamimni", degansiz-u!

U biroz hovuridan tushganday bo`ldi. Biroq ko`ngli qoraligicha qoldi. Kayfi ta-roqligida bolalarining ko`z o`ngida "Ayt, kim u? Go`rga tiqaman, ikkovingni", deya Oydinxonni (ism-familiyalar o`zgartirilgan) haqoratlab, urushga odatlandi. Ayol "Tuhmat qilavermang. Tuhmat balosiga qolasiz", deyaverib charchadi. Uch nafar farzandi bilan ota-onasining uyiga ketib qoldi. Sudga murojaati qanoatlantirilib, turmush o`rtog`i bolalarining ta`minoti uchun aliment to`lay boshladi. Ayol endi ajrashish uchun sudga ariza berdi. Obidjon "ajralmayman" deb oyog`ini tirab oldi.

USTUN KELGAN ShUBHA-GUMON

Oydinxon farzandlarini o`ylab, kechirdi. Biroq shubha-gumon Obidjonning ichini kemiraverdi. Yana so`roq-savol, tag`in urish-janjal... To`rt yildan buyon davom etayotgan mojarolardan Oydinxonning toqati-toq bo`ldi. Biroq keksa ota-onasining dilini yana vayron qilishni, ularning qaramog`ida o`tirishni istamadi. So`rab-surishtirib, ko`p qavatli turar-joy binosidan ijarada yashab turish uchun uy topib, ko`ch-ko`ronini yig`ish- tirib ketdi.

MChJlardan birida bog`bonlik qilayotgan Obidjon aliment pullarini to`lamay qo`ygandi. U qirq besh yoshga kirgan, ishonchini yo`qotgan rafiqasi bilan qonuniy niko-hini bekor qildirib, boshqa ayolga uylanishi mumkin edi. Biroq u hamon rashk o`tida jizg`anak bo`lib, tunlari rafiqasi yashayotgan birinchi qavatdagi xonadonning derazasi yonida turli xayollar bilan poyloqchilik qilaverdi.

VAHShIYLIK

Oydinxon amal-taqal kun ko`rib yurgan kezlari unga sovchi qo`ygan Boqijon ismli yigit bilan shar`iy nikoh o`qitib, ijara uyda birga yashay boshlashdi.

Obidjon ko`chada Boqijonning yo`lini to`sdi. 

— Bu xonadonga qadam qo`ysang, o`ldiraman, — deya ogohlantirdi Boqijonni. Yoqalashgan yigitlarni ajratib qo`yishdi. Bir necha kun o`tib, kechqurun Obid Oydinxonning qo`l telefoniga qo`ng`iroq qildi. Ayol telefonini o`chirib qo`ygach, tungi soat uchda pichoqni changallab, sobiq xotini yashayotgan bino tomon yo`l oldi. Birinchi qavatdagi xonadon yotoqxonasining ochiq derazasidan karavotda uxlayotgan Boqi bilan Oydinga ko`zi tushdi. Vahshiyga aylangan Obid derazadan ichkariga tushdi. Uyqudagi ayol va yigitga qayta-qayta pichoq sanchaverdi. Baqir-chaqir uyg`otib yuborgan o`g`li bolalar xonasidan yugurib chiqdi. Eshik yonida "Dada! Bo`ldi!", deb chinqirdi. Obid pichoq bilan ko`chaga chiqib ketdi.

SUD HUKMI O`QILDI

Afsuski, muolajalar besamar ketdi. Besh-olti martadan pichoq sanchilib, og`ir jarohat olgan ayol ham, yigit ham shifoxonada jon berishdi.

Sud hukmini o`qidi. Qasddan ikki insonning umriga zomin bo`lgan qotilga 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!