Xudbinga aylanmasdan o`zingizni sevishni o`rganing

11:23, 18 aprel

Ayol kishi o`zini sevishi va qadrlashi lozimligini uqtirmagan odam qolmagan bo`lsa kerak. Ammo ayol o`zini sevishni boshlasa, yaqinlari, do`stlari uni xudbinliklikda ayblay boshlashadi. “Lady.mail.ru” nashri sizga o`zingizni yaxshi ko`rish va xudbinlik o`rtasida muvozanatni qanday saqlash mumkinligi haqidagi bir necha maslahatlarni havola etadi.

O`zingizni boshqalardan yuqori qo`ymang

“O`zing xohlaganday yashash, xudbinlik emas, balki boshqalarning sen xohlaganday yashashi xudbinlikdir”. 

O`zingizni sevish uchun birinchi navbatda butun diqqatingizni o`zingizga va ehtiyojlaringizga qaratib (boshqalarning emas) hayotingizni qurish, oldingizga maqsadlar qo`yib, ularni amalga oshirish uchun intilib yashash, biror yutuqqa erishganda o`zingizni maqtab qo`yish lozim bo`ladi. O`zingni sevish bu sog`lom va idrokli xudbinlikdir. 

Bundan tashqari, odobsizlikka kiruvchi yana bir xudbinlik mavjud. Bunday odam boshqalarning his-tuyg`ularini, haq-huquqlarini, xohish-istaklarini hisobga olmaydi, o`zinikini esa bo`rttirib ko`rsatadi. Aynan shu narsa o`zingizni sevishdan tubdan farq qiladigan, turli bahs-munozaralarga sabab bo`luvchi “yomon” xudbinlikni anglatadi.  

Qisqa qilib aytadigan bo`lsak, — xohish-istaklaringizni, ehtiyojlaringizni qondirish uchun o`zingizni boshqalardan yuqori qo`ymay, teng ko`rsangiz, boshqalarning ham o`z istaklari, orzu-niyatlari borligini tushunsangiz, bu xudbinlikka kirmaydi. Xudbin degani — o`zini boshqalardan yuqori qo`yib, faqat aytganini qildiradigan, faqat uning istaklarini, ehtiyojlarini qondirishni talab qiladigan odamdir.  

Taklif va iltimos qiling, birovni ayblab, aytganingizni qilishni talab qilmang

O`zini sevgan, hurmat qilgan odam iltimos va taklif qiladi, xudbin esa talab qilib, aybdorga chiqaradi. O`zini oqlash uchun “xudbin” so`zini sizga nisbatan ishlatadi.

— Azizim, bugun istirohat bog`iga aylangani boramizmi?

— Yo`q, borolmayman, do`stlarim bilan futbolga bormoqchi edim.

— Siz xudbinsiz! Har doim o`z xohish-istaklaringizni birinchi o`ringa qo`yasiz! Men bilan ishingiz yo`q!

O`ylab ko`ring, aslida bu erda kim xudbin? To`ppa-to`g`ri, o`zining istagini bajartirish uchun boshqa odamning xohishidan voz kechishga majbur qilayotgan odam xudbindir. Agar o`zini hurmat qiladigan, yaxshi ko`radigan odam bo`lganda edi, uning javobi mana bu ko`rinishda bo`lardi: “Afsus, bugun judayam siz bilan boqqa borgim kelgandi, mayli yolg`iz bora qolaman” yoki “Bo`sh vaqtimni siz bilan o`tkazishni judayam xohlagandim, balki ikkalamizni xursand qiluvchi biror narsa o`ylab toparmiz”.

O`zingni sevish — sog`lom va to`g`ri hayotiy pozisiyadir. Agar o`zingizni sevsangiz, boshqa odamlarni ham seva olasiz. Bu degani uning fikrlariga, xohish-istaklariga quloq solish, noroziligini namoyish qilishga yo`l qo`yib berish, o`ziga foydali fikrlarni olish deganidir. 

Hayotingizdagi kamchiliklarni o`zingiz hal qilishga harakat qiling, birovlardan yordam kutmang

O`zingizga nisbatan bo`lgan sevgi izzattalablik, kalandimog`lik emas, balki har doim o`zingizdan menga nima yoqadi, nimani xohlayapman, o`zim uchun yana nima qilolaman, qanday yo`l tutsam hayotdan qoniqib yashayman degan savollarga javob qidirishdir. Nima uchun bu narsani muhim deb hisoblaymiz? Samolyotdagi fors-major holatni ko`z oldingizga keltiring: “Kislorodli niqobni avval o`zingizga, keyin bolangizga taqing!”  Avvalo bu niqobni o`zingizga taqsangiz nafas olasiz, tirik qolasiz va kuch-quvvatingizni boshqalar bilan bo`lisha olasiz, yaqinlaringizga tirgak bo`lasiz. 

Agar o`zingizni yaxshi ko`rmay, faqat birovlarning dardu-tashvishi bilan yursangiz, o`zingizni qurbon qilasiz, asta-sekin o`zingizni keraksiz odamday his qila boshlaysiz va boshqalardan yordam kuta boshlaysiz. O`zingiz qurbon bo`ldingizmi, boshqalardan ham qurbonlik talab qilasiz.

Bir narsani unutmang, mabodo o`zingizni sevmasangiz, boshqalar ham sizni sevmaydi. Xudbinlik degan so`z quyidagi hazil bilan qorishib ketsin: “Xudbin — yomon odam demakdir, u meni emas, faqat o`zini o`ylaydi”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!