Farzandini 10 ming AQSh dollarga sotgan ona qo`lga olindi

13:54, 18 aprel

“Dunyoga endigina kelgan farzandini mo`may daromad orttirish maqsadida sotib, jirkanch jinoyatga qo`l urgan ayollarning oramizda uchrayotganligi achinarli holatdir” deb izoh beriladi “Huquq” gazetasining 13-sonida chop etilgan navbatdagi jinoyat tafsilotiga. 

Orzigul Ahmadalieva (ism-familiyalar o`zgartirilgan) 2015 yilning iyun oyida Farg`ona viloyatidan oila a`zolariga bildirmay, yashirin tarzda Toshkent shahriga kelib, o`ziga oldindan tanish bo`lgan Zamira Xodjaevaning xonadoniga joylashadi va unga homilador bo`lib qolganligini aytadi. O.Ahmadalieva oila a`zolariga bildirmay, bir erkak bilan shar`iy nikohdan o`tib yashab yuradi. Ayol homilador bo`lib qoladi. Ammo xabar bolaning otasiga ma`qul bo`lmaydi va u orani ochiq qilib ketadi. Xullas, u Z.Xodjaevadan yordam so`raydi. Zamiraning unga rahmi kelib, noiloj rozi bo`ladi.

Avgust oyida Zamiraning xonadoniga tanishi Zuhra Malikova mehmonga keladi. Orzigul mehmonga tug`ilajak farzandini yaxshi oilaga farzandlikka berishi mumkinligini aytadi.

Oktyabr oyida Orzigulning to`lg`og`i boshlanganligi sababli Zamira uni 2-sonli Tibbiyot Akademiyasining tug`ruqxonasiga olib boradi. Orzigul esa farzandi tug`ilgan zahoti uni 10 ming AQSh dollari evaziga sotib yuborishni rejalashtiradi. U tug`ruqxonadan chiqiboq, tug`ilgan qiz farzandini sotib yuborish uchun poytaxtimizning Yunusobod tumanida Zuhra Malikova bilan uchrashadi. Bemehr ona qizalog`ini Zuhraga 10 ming AQSh dollariga sotadi. Jirkanch savdo amalga oshgach esa u 3.Malikovaga nisbatan hech qanday da`vosi yo`qligi haqida tilxat yozib berayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanadi.

Mazkur xolat yuzasidan jinoiy ish qo`zg`atilib, O.Ahmadalievaga jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining hukmiga asosan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!