Jaloliddin Manguberdi haqidagi yangi san`at asari topildi

15:07, 18 aprel

Ashxobodda buyuk vatandoshimiz, Jaloliddin Manguberdiga bag`ishlab, bundan 72 yil muqaddam mashhur yozuvchi va rassom Vasiliy Yan tomonidan ishlangan “Jaloliddin Hind daryosi bo`yida” deb nomlangan tasviriy san`at asari topildi. 

Jaloliddin Manguberdi haqida ayni paytga qadar nafaqat yurtimizda, balki boshqa mamlakatlarda ham juda ko`p tarixiy va badiiy asarlar yaratilgan. Mashhur rus adibi Vasiliy Yan ham o`zining bir qator roman va qissalarida Jaloliddinning qahramonliklarini tarannum etgan. U buyuk sarkarda haqida “Mardlik qanotida” nomli qissasidan tashqari “Jaloliddin” nomli roman yoza boshlagan, ammo adibning o`limi sababli bu roman tugallanmay qolgan.

Yaqinda mazkur adibning ijodini tadqiq etgan turkman olimi, marhum  Kakaboy Qurbonmurodovning shaxsiy arxividan V.Yan ijodiga tegishli bo`lgan bir asar topildi. Bu haqda Darakchi.uz nashriga turkmanistonlik yozuvchi va olim Oraz Yag`mur xabar bergan. Asarda Jaloliddin Manguberdining Hind daryosi bo`yida mo`g`ullarga qarshi olib borgan jangi tasvirlangan. 60x90 sm hajmdagi ushbu tasviriy san`at asari 1944 yilda akvarelda chizilgan bo`lib, V.Yanning o`g`li M.Yanchevskiy o`tgan asrning 90-yillarida suratni K.Qurbonmurodovga hadya qilgan.

Eslatib o`tamiz, Vasiliy Yanning “Chingizxon”, “Botu”, “So`nggi dengizgacha” romanlaridan tarkib topgan trilogiyasi o`zbek o`quvchilariga ham yaxshi tanish.

Tarixdan ma`lumki, Jaloliddin Manguberdi (1199-1231) Xorazmshohlar sulolasining zabardast vakili bo`lib, mo`g`ul bosqinchilariga qarshi kurashda katta qahramonliklar ko`rsatgan. Xususan, 1221 yil 9 dekabrda Hind daryosi bo`yida bo`lib o`tgan jang buyuk sarkarda hayotida katta o`rin tutadi. Ushbu jangda u Chingizxon boshchiligidagi mo`g`ul qo`shinlariga munosib qarshilik ko`rsatadi. Ammo, kuchlar teng emasdi. O`z ahli ayolini dushman qo`liga tushib, xo`rlanishini istamagan sarkarda butun haramni suvga cho`ktirishni buyurib, o`zi qolgan askarlari bilan daryoning narigi sohiliga o`tib ketadi.

Mamlakatimizda Jaloliddin Manguberdi siymosiga juda katta ehtirom bilan yondoshiladi. 1999 yilda sarkardaning 800 yilligi yurtimizda keng miqyosda nishonlangan. Xuddi shu yili Urganch shahrida buyuk bobokalonimizga yodgorlik o`rnatilgan. 2000 yilda Jaloliddin Manguberdi ordeni ta`sis etilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!