Buxoroda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishiga start berildi

09:13, 20 aprel

Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlanishiga bag`ishlangan marosim bo`lib o`tdi. 

2016-yilda umumiy qiymati 20,6 milliard dollarlik 38 investisiya loyihasini bajarish rejalashtirilgan. Buxoro viloyatida joylashgan Qandim gazkondensat konlari guruhini o`zlashtirishdagi asosiy ishlab chiqarish ob`ekti hisoblangan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ulardan biridir. 

“O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi Rossiyaning «LUKOYL» neft kompaniyasi bilan hamkorlikda “Qandim-Havzak-Shodi-Qo`ng`irot” mahsulotini taqsimlash to`g`risidagi bitim doirasida Qandim gazkondensat konlari guruhini o`zlashtirish loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu guruhga Qandim, Quvachi-Olot, Oqqum, Parsanko`l, Xo`ja va G`arbiy Xo`ja kabi oltita gazkondensat koni kiradi. 

Qandim gazni qayta ishlash majmuasi tarkibiga yiliga 8,1 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod, shuningdek, 114 qazish qudug`i, 11 maxsus maydon va 4 yig`uv punktini o`z ichiga olgan tabiiy gazni to`plash tizimi kiradi. Bundan tashqari, 370 kilometr gaz quvuri, 160 kilometr avtomobil yo`li qurish rejalashtirilgan. Majmua va infratuzilma ob`ektlarini barpo etishga 7 mingga yaqin kishi jalb etiladi. 

«LUKOYL» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovning ma`lum qilishicha, bu kompaniyamizning O`zbekistondagi eng yirik investisiya loyihasidir. Uskunalar etkazib berish, gazni qayta ishlash majmuasini qurish va Qandim konlar guruhini jihozlash bo`yicha shartnoma qiymati 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Dastlabki bosqichda ushbu loyihaga yo`naltiriladigan jami investisiya hajmi 3,3 milliard dollar miqdorida baholanmoqda. Bu erga eng yaxshi mutaxassislar va zamonaviy texnologiyalar jalb etiladi, ishlab chiqarish xavfsizligi, mehnat va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir barcha standartlarga rioya etiladi. 

Qandim gazni qayta ishlash majmuasining barpo etilishi O`zbekiston gaz konlarini o`zlashtirishni yangi bosqichga ko`taradi. Markaziy Osiyodagi yirik ishlab chiqarish majmualaridan biri bo`lgan ushbu zavodda 2 mingdan ziyod doimiy ish o`rni yaratiladi. 
 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!