Ziyoda farzand tarbiyasida o`zi o`ylab topgan usullar haqida gapirdi

11:06, 20 aprel

U san`atni va oilasini bir maromda olib borishga harakat qiladigan va buning uddasidan chiqayotgan mashhurlardan. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ziyoda bilan bugungi uchrashuvimizda uning oilasidagi an`analar, farzandi tarbiyasida qo`llaydigan usullari haqida so`z yuritamiz. 

“To`rt oyligida gapirishni boshlagan”

O`g`limning tili to`rt oyligida chiqqan. “Oyi” deb tili chiqishini istagan bo`lsam ham kichkinagina bo`la turib “Dada” deganida  shunday sevinganmanki asti qo`yaverasiz. O`g`lim bilan toza havoda sayrga chiqqanimizda u bilan xuddi katta odamdek gaplashib, gullar, osmon, umuman atrof-muhit bilan tanishtirardim. Go`dakligidan gullarni juda yaxshi ko`radi. Chiroyli, rang-barang gullarni ko`rsa ko`zlari katta-katta bo`lib sevinib, “gul, gul” deb pitirlashni boshlaydi.

“Dadamga mexribon bo`ling...”

O`g`limning menga aytgan har bir gapiga e`tiborli bo`lishga harakat qilaman. Chunki u juda aqlli, xuddi kattalardek fikrlaydi. Ayniqsa, kuni kecha menga aytgan gapi bir umr  yodimda qolsa kerak. O`z-o`zidan “Oyijon, siz juda ham mehribonsiz” dedi. Ko`nglim to`lib, xursand bo`ldim. “Rahmat bolam. Senga mehribon bo`lmay, yana kimga mehrimni berardim” desam, “Dadamga mehribon bo`ling” deydi. To`g`risi, 3 yashar bolam menga bunday gapni aytishini kutmagandim, dovdirab qolganimdan “xo`p xo`p” deya oldim xolos. 

“Shirinlik mumkin emas”

Bola o`zi istagan narsani qilavermasligi kerak deb hisoblayman. O`g`lim Komronga ko`p narsalarni taqiqlayman. Ulardan birinchisi bu — shirinliklar. Umuman olganda bolaga 4 yoshgacha shirinlik bermaslik kerak. Chunki, shirinlikka o`rgangan bolani keyin bundan qaytarish qiyin. Haddan tashqari ko`p shirinlik eyish esa  bolaning sog`lig`i uchun zarar. O`g`lim ko`proq konfet, shokolad eb qo`ysa isitmasi chiqadi yoki allergiyasi qo`ziydi. Iloji boricha kamroq shirinlik berishga harakat qilaman-u, ammo erkalab so`raganda o`zimni tutolmay, ko`nglim bo`shab ketadi. Bundan tashqari  o`g`lim so`nggi paytlarda telefon o`yinlariga bog`lanib qolyapti. Qo`limda telefon ko`rib qolsa o`yin qo`yib ber deb xarxasha qiladi. Texnika uning uchun zarar ekanini bilganim uchun ham iloji boricha cheklashga harakat qilaman. 

“Injiqlik qilsa, men ham injiqlanaman”

Kichkintoyim ba`zida o`zini aytganini qildirish uchun haddan tashqari injiq bo`lib qoladi. Ko`ngliga qaraganim sari erkalanaveradi. Shuning uchun ba`zida urushib ham qo`yaman. Uning injiqliklariga men ham o`ziday javob qaytaraman. Misol uchun yig`lasa, xuddi o`ziday yig`layman. Erga yotib olsa, men ham yotib yig`layveraman. Xullas, nima qilsa, qaytarayotganimni ko`rib, kulib yuboradi. Keyin nima uchun yig`layotgani ham esidan chiqib qoladi. Komronning xarxashasini o`zim o`ylab topgan shu  usul bilan to`xtatadigan bo`lganman (kuladi). 

“Va`damni bajara olmayapman”

Faoliyatim sabab o`g`lim oldida ko`pincha xijolat bo`lib qolaman. Ya`ni to`y-hashamga ketish paytimizni yaxshi bilib olgan. “Oyijon, meni tashlab ketib qolmang! Birga o`ynaymiz” deganida “Xo`p-xo`p” deb chalg`itib,  bilintirmay uydan chiqib ketamiz. Ana shunday holda uni aldaganimdan, ketmayman, deb va`da berib bajarmaganimdan xafa bo`laman... 

“Mening bolam boshqacha”

Har bir bolaning harakatlarida o`ziga xos noodatiy jihatlarini kuzatish mumkin. Nokamtarlikka yo`ymang-u, biroq Komronim boshqalarning bolasidan biroz boshqacha-da. Mahalladagi bolalar bilan, uyga kelgan mehmon bolalar bilan o`ynaganda ham uni kuzatib turaman, yoshiga nisbatan aqlli gaplarni aytadi. Dunyoqarashi boshqacha. Agar kimdir unga yoqmaydigan ish qilsa, xuddi katta odamdek noto`g`ri ish qilganini tushuntirib, unday qilmaslik kerakligiga o`rgatib o`tiradi. Ba`zida, nahotki shu meni bolam deb o`ylanib qolaman. 

“Birinchi o`rinda - odob”

Nazarimda bola tarbiyasida birinchi o`rinda odob turadi. Men ham o`g`lim gapga tushuna boshlagandan unga odobli bo`lishni o`rgatganman. Kattalarni ko`rganda salom berish, dasturxonga o`tirganda aytiladigan so`zlar, ovqat eb bo`lib fotiha  qilish kabilardan boshlangan tarbiya kelajagiga katta ta`sir ko`rsatadi deb hisoblayman. Bundan tashqari ko`zlagan maqsadiga erishish uchun oson yo`lni ko`zlamaslik kerak deb o`ylayman. Masalan, ota-onam menga ham hamma narsani istaganimda muhayyo qilishmagan. Avval ular aytgan ishni qilib, yaxshi o`qishga, aytilgan vazifalarni vaqtida bajarishga harakat qilardim. Keyin meni aytganim bo`lardi. Men ham xuddi shunday tarbiya usulida o`g`limga tarbiya beryapman.

“Bo`-bo`”dan  qo`rqmaydigan bo`lgan”

Menimcha har bir onada bolani “qo`rqitish” yo`llari bor. Men ham Komronga “ana devorni orqasida “bo`bo`” turibti, hozir kelib qoladi” derdim. Ammo bu usul eskirganga o`xshaydi. Yaqinda “Komron to`polon qilma, ho-o-ozir “bo`bo`” keladi” desam, Jim turdi-da, “Oyi ko`zingizni yuming shkafni ichida “bo`bo`” bor deydi. Bolam endi meni “qo`rqityapti”. 

“Javobi yo`q, savol bor...”

Mashhur hamkasblarimdan birining intervyusini o`qiganimda uning “Farzandimni bolaligini ko`rolmaganimdan dilim og`riydi, shundan qattiq siqilaman” degan gapi e`tiborimni tortdi.  Nazarimda, bu har bir san`atkor ota-onani qiynaydigan masala bo`lsa kerak. Vaqti kelib, o`g`lim “Oyi, nega men bilan kam vaqt o`tkazgansiz?” desa nima deb javob berishni bilmayman. Biz ota-onalar, oilam, bolalarimni kelajagi, ishimiz deb yugurib yurib ba`zida farzandlar bilan o`yin o`ynashga ham vaqt topolmay qolamiz. Bu bizning og`riqli nuqtamiz. O`ylaymanki, o`g`lim katta bo`lganda dadasi va meni tushunadi. Yuqoridagi o`kinch, afsus bizda ham bo`lmasligi uchun bugun iloji boricha o`g`limiz bilan ko`proq vaqt birga o`tkazib, hatto ba`zida o`zimiz bilan olib yurishga ham harakat qilamiz. 

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!