Yuragimda saqlaganlarim: “Oilam buzilishiga yo`l qo`ymayman!”

11:52, 20 aprel

Oiladagi xotirjamlikka, er va xotin o`rtasidagi ishonchga darz ketsa, uni tuzatish qiyin bo`larkan. Eng yomoni esa o`rtadagi farzandlarning jabr chekishi, aybsiz aybdor bo`lib qolishi... Bu galgi maktub egasini ham ana shu muammo qiynayapti...

— Hurmatli tahririyat ijodkorlari. O`zimni qiynayotgan muammo haqida yozib yuboryapman, zora ayrimlarga o`rnak bo`lsa. Turmush qurganimga o`n yil bo`ldi. Bu vaqt mobaynida ikki o`g`illi bo`ldim. Hayotimiz yomon emasdi. Qishloqda yashaganimiz uchun topish-tutishimiz asosan dala mehnatidan. Er-xotin birgalikda dehqonchilik orqasidan yaxshigina daromad qilamiz. Ayol kishi bo`lsam ham, dala yumushlarida erim bilan bab-baravar ishlayman. Ba`zida qiynalib ketib, qachon o`g`illarim voyaga etib, qo`lidan ish keladi, deb nolib qolardim. Lekin hamma gap xotirjamlikda ekan. Qiynalsam ham, ko`nglim tinch, bolalarim yonimda, qo`lim mehnatda bo`lgani yaxshi ekan. O`tgan yildan buyon boshimdan o`tgan voqealardan keyin shunday xulosaga keldim. 

Yon qo`shnimizning ikki o`g`li qo`shni davlatda ishlaydi. Bir yil oldin erimning sinfdoshi bo`lgan katta o`g`li uyiga kelganida u yoqda zo`r pul topayotganini, yana ishchi kerakligini aytib maqtanibdi. Shundan keyin erimning ham tinchi buzildi. 

— Men ham biror yil ishlab kelsam bo`larkan, biz ham mashinali bo`lib olardik... — derdi tinmay o`sha kunlari. 

— Yaqindagina endi ko`proq ishlayman, deb er sotib oldingiz-ku. Uzoqqa ketish shartmi, shu erda birga ishlayveramiz. O`zi endi ro`zg`orimizga baraka kirayotuvdi. Bormay qo`ya qoling, — dedim. 

— Erni hozircha egasiga qaytaraman. Keyin yana sotib olaveraman. Ishlab kelsam, birdan ko`proq er olardim. 

Qaynota-qaynonam, mening ota-onam ham uni fikridan qaytara olishmadi. Shundan keyin u bir-ikkita o`rtog`iga qo`shilib, jamg`arib qo`ygan pulimizni yo`lkira qilib, xorijga ketdi. Dehqonchilik ishlarini qaynota-qaynonam bilan o`zimiz qila boshladik. Mehnatimiz orqasidan ro`zg`orimizga etadigan daromad kelib turardi. Erim hadeganda pul jo`natavermadi. Bu yoqda biz qiynalib qoldik. Men noiloj bolalarimni onamga berib, hovlimizda etishtirgan o`zimizdan ortgan meva-cheva va sabzavotlarni bozorga chiqarib sota boshladim. Qaynona-qaynotam mehnatkash, qo`li gul odamlar bo`lgani uchun ekinlarimizdan yaxshi hosil oldik. Sotiladigan mahsulotlarimiz tugagach, erimdan pul kelishini kuta boshladik. Puldan esa darak yo`q edi. Bir-ikki marta qaynakamdan qarz oldik. Uning ham o`z ro`zg`ori, bola-chaqasi bor. O`zimnig akam ham bir marta yordam berdi. Nima qilsam ekan, deb o`ylanardim. Bozorga chiqqanimda ko`rgandim, yonimdagi sheriklarim arzon joydan mahsulot olib kelib sotishardi. Tavakkal qilib, yana bozorga chiqdim. Ulgurji sotiladigan bozordan arzonroq narxga meva-sabzavotlar olib, boshqa joyda kuni bilan o`tirib sotardim. Hisoblab ko`rsam, bundan yaxshigina foyda qolyapti. Lekin kunim sahardan kechgacha bozorda o`tadigan bo`lib qoldi. Ayol kishiga baribir bu ishlar og`irlik qilarkan, charchatib qo`yarkan. Kechga qolib ketgan kunlarimda bir-ikki marta uyimizdan ikki-uch hovli narida turadigan qo`shnimiz mashinasida meni ham olib kelib qo`ygandi. U kishi ham bozorda savdo qilardi. Keyin saharda ham bir-ikki marta bozordan meva olgani borayotganida meni birga olib ketdi. U odamga ishonganim, hurmat qilganim uchun mashinasiga o`tirgandim. Og`ziga kuchi etmaganlar buni nimalarga yo`yishmadi. Go`yoki, men ko`chaga chiqib, buzilib ketganmishman. Bu gaplar u kishining ayoliga ham etib boribdi. Uyimizga kelib, meni haqorat qilib ketdi. Na u kishining gapiga, na mening gapimga hech kim ishonmadi. Eri yonida bo`lmagan ayolning har bir qadamini bekorchi odamlar tekshirib turishini shunda angladim. Endi o`zimni nima deb oqlayman? Men noto`g`ri ish qilganim yo`q-ku. Nega odamlar bilib-bilmay tuhmat qilib, insonlarning uyi buzilib ketishiga sababchi bo`lib qolishini tushunmaydi?  

— O`zingga to`g`ri bo`lsang, nimaga siqilasan? Odamlarning gap-so`ziga e`tibor berma. Agar uyda motam tutib o`tirib olsang, chindan ham shunaqa ekan, deydi g`iybatchilar. Savdoga endi qo`ling kelishib qoldi, birov senga bir so`m berarmidi? Bolalaring eyman-ichaman, deb turgan bo`lsa. Eringdan pul kelayotgan bo`lsa ham mayli edi. Ishingni qilaver, odamlar gapirib-gapirib charchaydi, — dedi mening tashvishlarimdan xabardor opam.

Chindan ham o`zimga to`g`riman-ku, deb ishimni davom ettiraverdim. Qaynota-qaynonamga, qaynakalarimga ham bu gap-so`zlar etib borib, meni qistovga ola boshlashdi. Ularga hech qanday gunohim yo`qligini aytdim. Harqalay, menga ishonishdi. Ehtiyot bo`lishimni uqtirishdi. Hammasidan oshib tushgani uzoqdagi erimga ham bu gaplar etib borib, meni telefonda haqorat qildi. Bu tuhmatlarga chidolmay, ancha vaqt bozorga chiqmay qo`ydim. Lekin bolam kasal bo`lib qolganida majbur bo`lib, yana pul topishga kirishdim. U yoqda erimning ishi yurishmay, qaytib keldi. Kelib, hech nimani surishtirmasdan, “ajrashaman”ga tushdi. Qaynota-qaynonam ham mening yonimni olib, o`g`illariga tushuntirmoqchi bo`lishdi. Lekin u bir-ikki g`iybatchining gapiga ishonib, meni tushunishni istamadi. Noiloj, bir muddat ko`ziga ko`rinmay turay, deb uyimga ketishdan boshqa choram qolmadi. O`sha kuniyoq erim kelib, bolalarimni olib ketibdi. Bir necha marta farzandlarimni olib kelish uchun bordim. Tug`ilib o`sgan uyga o`rgangani uchun esini tanib qolgan o`g`illarim:

— Oyi, o`zimizning uyimiz yaxshi, ketmaymiz. Siz ham katta buvimnikiga ketmang, — deb turib olishdi. Ularning gapi ta`sir qilib, erim ham jahlidan tushgandir, deb o`sha kuni qoldim. Erimning qo`pol muomalasi va e`tiborsizligiga parvo qilmaslikka harakat qilardim. 

Shunday paytda atrofdagilarning gapi erkak kishiga yomon ta`sir qilarkan. Mahalladagi bir-ikkita g`iybatchi oilamizni buzishga harakat qilib, meni rosa yomonlagan. Men ham yaqinlarimning daldasi bilan o`zimga to`g`ri bo`lganimni isbotlash uchun turmush o`rtog`imga hammasini yotig`i bilan tushuntirdim. Qanday sharoitda ishlaganim, har doim yonida bo`lganim uchun qaynota-qaynonam mening yonimni olishdi, menga ishonishdi. Ulardan yordam so`radim. Ota-onasining gapi baribir erimni befarq qoldirmadi. Qaynonam mahallaga chiqib, oilamizdagi vaziyatni yaxshilashga yordam so`radi. Mahalla oqsoqoli ham erimni tasodifan ko`chada ko`rib qolgan kishi bo`lib, undan hol-ahvol so`ragan va men haqimda yaxshi gaplarni gapirgan. 

— Sening yo`g`ingni bilintirmadi. Ayolman-ku, deb o`tirib olmay, ota-onangga, bolalaringga yaxshi qaradi. Sen ham endi chetga chiqishni yig`ishtirib, shu erda dehqonchiligingni qil, - deb nasihat qilibdi.  Shundan keiyn erim yumshagandek bo`ldi. Lekin baribir ko`nglida shubha borligi bilinib turardi. O`sha kunlari juda qiynaldim. Aybim bo`lmasa ham, tuhmatga qolganim menga juda alam qilardi. Ancha paytgacha erim menga sovuq muomala qilib yurdi. Shuncha qiynalganim evaziga uning bunday muomalasiga chidolmay, necha marta ketib qolmoqchi bo`ldim. Agar shunday qilsam, oilam buzilib, bolalarim otasiz o`sadi. Tishimni-tishimga qo`yib, hammasiga chidadim. Vaqt hamma narsani davolaydi, deyishgani rost ekan. Erim tekshira-tekshira hech nima topolmagach, yaqin kunlardan beri avvalgi holatiga qaytgandek. Demak, menga yana ishona boshladi, deb ko`nglim xotirjam bo`ldi. 

— Agar haqiqatdan ham ayoling noto`g`ri qadam bosgan bo`lsa, buni yashira olmasdi. Baribir bir kuni hammasi oshkor bo`lardi, odamlar gapiraveradi. Xotiningdan shubhalanishni yig`ishtir, — deb bir yaxshi inson unga tanbeh beribdi. G`iybatchilardan qanchalik nafratlangan bo`lsam, yaxshi odamlar borligiga shuncha xursand bo`ldim. Agar atrofimdagi odamlar ham befarq bo`lib, menga yordam bermaganida oilam buzilib ketishi hech gap emas edi. Bilib-bilmay gapirib, oilalarni buzadigan g`iybatchilar emas, yonidagi inson hayotiga befarq bo`lmagan tushungan insonlar oramizda ko`payishini istardim.

Mohitobon Buzrukova yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!