Yoshlarni endi onlayn muhitdan himoyalash mumkin bo`ladi

09:44, 21 aprel

O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta`minlash markazi tomonidan o`zbek va rus tillarida “Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo`yicha qo`llanma” ishlab chiqildi.

Mazkur qo`llanma Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining 2016 yil 7 apreldagi qo`shma qarori asosida tasdiqlandi. Qo`llanmaning tasdiqlanishi, shuningdek, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi va Respublika “Kamolot” YoIH Markaziy kengashi bilan kelishildi.

“Onlayn muhitda yoshlarni himoya qilish bo`yicha qo`llanma” voyaga etmaganlar va ularning ota-onalariga mo`ljallangan bo`lib, unda bolalarni Internet tarmog`idagi xavf-xatarlardan asrash va ularning axborot xavfsizligi me`yorlariga rioya qilishlari bo`yicha tavsiyalar mavjud. Jumladan, qo`llanmada voyaga etmaganlar 3 toifaga (7 yoshdan 10 yoshgacha, 10 yoshdan 13 yoshgacha, 13 yoshdan 16 yoshgacha) bo`lingan holda, ularga va ularning ota-onalariga bir-biridan alohida tarzda takliflar va tavsiyalar berilgan.

Qo`llanma respublika bo`ylab tarqatilganidan so`ng, yosh foydalanuvchilar Internet tarmog`idagi salbiy kontentlardan himoyalanish usullarini o`rganishlari, ota-onalar esa farzandlarining Internet tarmog`idan to`g`ri va samarali foydalanishlarini ta`minlay olish imkoniyatiga ega bo`lishlari kutilmoqda.

Eslatib o`tamiz, 2015 yilning dekabr oyida respublikadagi 7 ta vazirlik va idoralar – Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi va Respublika “Kamolot” YoIH Markaziy kengashi o`rtasida “O`zbekiston Respublikasida Internet-madaniyatni rivojlantirish bo`yicha 2016-2018 yillarga mo`ljallangan qo`shma chora-tadbirlar rejasi” kelishilgan bo`lib, ushbu chora-tadbirlar rejasi asosida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!