Javohir Zokirov: “Pul bilan qobiliyatsiz odamni ham yulduz qilish mumkin”

13:55, 21 aprel

«Sotqin» va «Baron» filmlaridagi rollaridan so`ng odamlarning tilidan tushmayotgan Zokirovlar sulolasining munosib davomchisi Javohir Zokirov Sanjar Shodievning «Seni o`zim boy qilaman» deb nomlangan filmida bosh rollardan birini ijro qildi. Mazkur film yuzasidan bizni qiziqtirgan quyidagi savollar bilan Javohir Zokirovga murojaat qildik. 

— «Seni o`zim boy qilaman» filmining qisqa roliklarini ko`rib filmni ko`rishga ishtiyoqimiz ortdi. Bizningcha siz mazkur filmda moliyaviy prodyusser rolida namoyon bo`lasiz, aytingchi, sizningcha hayotda ham mutlaqo qobilyatsiz odamni pul bilan yulduz darajasiga olib chiqsa bo`ladimi ?

— Hozir pul bilan hech kimni yulduz darajasiga olib chiqib bo`lmaydi, desam odamlarni aldagan bo`laman, pul bilan qobilyatsizni ham yulduz qilish mumkin, faqat u yulduz ko`pga bormay so`nadi. Shou-biznesga qanday oson kirgan bo`lsa, undan xuddi shunday osongina, hech kimning esida qolmasdan chiqib ketadi.

— «Sotqin», «Baron» kabi filmlaridan so`ng mazkur kinokartinaga rozilik bildirishingizga aynan nima turtki bo`ldi?

— «Seni o`zim boy qilaman» filmidagi g`oyaning qiziqligi, ssenariyning o`ziga xosligi va mening ijodimda ushbu filmda o`ynagan rolim boshqa bo`lmaganligi sababdan ham mazkur filmda suratga tushishga rozilik bildirganman. 

— Rejissyor Sanjar Shodiev bilan ilk bor ishlashingiz. Avval saytimizdagi onlayn muloqotda ayrim rejissyorlarni tanqid qilgan edingiz, Sanjar Shodievning ijodiga qanday baho berasiz...?

— Rejissyor Sanjar Shodiev bilan birinchi marta ishlashimiz edi. Sanjar Shodiev ham aktyor ham rejissyor bo`lganligi sababli aktyorni yaxshi tushuna oladi, o`zi nima xohlayotganini bilgani uchun ham biz ortiqcha qiynalmadik. 

— O`zbekistondagi eng qimmat aktyorlardan biriman mazmunida intervyu bergan edingiz, sir bo`lmasa «Seni o`zim boy qilaman» filmidagi rolingiz uchun qancha haq oldingiz?

— Eng qimmat aktyorman deganda, avvalo bugungi kundagi juda ko`plab aktyorlarga nisbatan katta tajribamni hisobga olib aytganman. Bundan tashqari  o`zbek, fransuz, rus aktyorlari bilan ishlash natijasida ulardan ham juda ko`p narsalarni o`rganganman. Ustozlarim juda bilimli, o`z ishining ustalari bo`lishgan ushbu sabablarga ko`ra o`zimni eng qimmat va ko`p gonorar oladigan aktyorman degandim. Ushbu filmdan qancha haq olganim esa sir bo`lib qolaversin...

Darvoqe, “Seni o`zim boy qilaman” filmi premerasi 25 aprel kuni Alisher Navoiy nomli kinosaroyida bo`lib o`tadi. Film treylerini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!