Terrorchi Norvegiya davlatini sudga berdi

14:41, 21 aprel

77 nafar odamni o`ldirganlikda ayblangan norvegiyalik terrorchi Anders Breyvik qamoqxonadagi sharotdan norozi bo`lib, Oslo sudiga murojaat qildi, deb xabar berdi “Eeuronews” nashri. 

U besh yildan beri kamerada yolg`iz saqlanayotganidan, boshqa mahbuslarning fikrini buzmaslik, yangi teraktlarni amalga oshirish g`oyasini targ`ib qilishning oldini olish maqsadida muloqot qilish taqiqlanganligidan norozi bo`lgan. Sud uning talabini qondirib, haqiqattan ham Anders Breyvikni bunday sharoitda saqlashni inson huquqlarini poymol qilish deb hisobladi.  

“Biz sud hukmidan hayratga tushdik, sudda da`vogarning talabidan noroziligimizni bildirdik va bu holatni asoslab berdik”, – dedi hukumat vakili Marius Emberland.

Anders Breyvikning advokati Oysten Storvik shunday dedi: “Men bu holatni izohlashni istamayman. Ammo da`vomizning qoniqtirilmagan qismi bo`yicha yana sudga murojaat qilamiz”. 

Endi Norvegiya hukumati Breyvikka ko`rsatilgan yuridik xizmat uchun 330 ming kron to`laydi. 

“Norvegiyada kim bo`lishidan qat`i nazar, har bir shaxs o`zining haq-huquqini talab qilishga haqli, hukm chiqarish esa sudga havola. Hukumat vakillari va qamoqxona rahbariyatining vazifasi esa sud hukmini bajarishdir”, – deb fikr bildirdi Norvegiya bosh vaziri Erna Solberg.

2011 yilning iyul oyida Anders Breyvik Oslodagi hukumat vakillari yashaydigan mavzeda avtomobilni portlatgan, oqibatda 8 kishi halok bo`lgan. Keyin shahar tashqarisidagi lagerda dam olayotgan 69 nafar sosialist-faol yoshlarni o`qqa tutgan. Breyvik o`zining bu hatti-harakatini Norvegiya hukumatining migrasion siyosatiga qarshiligi bilan asoslagan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!