O`zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 12 milliondan oshdi

16:59, 21 aprel

Poytaxtimizda «ADWEEK.UZ» marketing va reklama haftaligi doirasida onlayn-marketing masalalariga bag`ishlangan «USENET 2016» xalqaro konferensiyasi bo`lib o`tdi. 

“UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy qilish markazi hamda «Ledokol Group» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda O`zbekiston, Rossiya, Qozog`iston va Ozarbayjondan telekommunikasiya va reklama sohasi ekspertlari ishtirok etdi. 

Internet tezkor axborot olish, etkazish va unga ishlov berish manbai hisoblanadi. Shu bois undan foydalanuvchilar soni tobora ko`payib bormoqda. Ayni paytda mamlakatimizda ushbu tarmoqdan foydalanuvchilar 12 million, mobil aloqa abonentlari esa 22 million kishidan oshdi. 

«Ledokol Group» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshod Muzaffarovning so`zlariga ko`ra, O`zbekistonda reklama beruvchilar byudjetining katta qismi televidenie hissasiga to`g`ri kelmoqda. Statistika ma`lumotlariga qaraganda, so`nggi vaqtda internet-reklama va televidenie orqali reklama uchun byudjet o`rtasidagi tafovut kamayib borayotir. Internet-reklama uchun sarflanayotgan byudjet hajmi bo`yicha telekommunikasiya kompaniyalari etakchilik qilmoqda. Ularning reklama bozoridagi ulushi 50 foiz, farmasevtika kompaniyalari ulushi esa 25 foizni tashkil qiladi. 

Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilarning aksariyati yoshlardir. Shu bois onlayn-reklama yanada barqaror rivojlanadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!