Temir yo`l stansiyalaridan tashilgan yuk hajmi 100 ming tonnaga ortdi

09:23, 22 aprel

Milliy matbuot markazida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2016 yil birinchi chorak yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Davlatimiz rahbarining Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasida Samarqand – Buxoro temir yo`l uchastkasining elektrlashtirilishini ta`minlash, Qarshi – Termiz uchastkasini elektrlashtirish ishlarini davom ettirish, Qamchiq dovoni orqali o`tadigan 19 kilometrlik tunnel qurilishini yakuniga etkazish va Angren – Pop yo`nalishi bo`yicha temir yo`l qatnovini yo`lga qo`yish loyihalarini amalga oshirishga alohida e`tibor qaratilgan edi.

Joriy yilning 27 fevralida Qamchiq dovoni orqali o`tadigan 19 kilometrlik tunnelda burg`ulash, kovlash ishlari to`liq tugallangan. Hozir so`nggi pardozlash va po`lat izlarni yotqizish, elektrlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Temir yo`l stansiyalaridan tashilgan yuk hajmi o`tgan yilning shu davriga nisbatan 100 ming tonnaga ortgan. 4,9 million yo`lovchiga xizmat ko`rsatilgan. Eksport xizmatlari hajmi 81,4 million dollarni tashkil etgan. 85,2 milliard so`mlik sanoat mahsulotlari, jumladan, mahalliylashtirish dasturi doirasida 12,6 milliard so`mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Temir yo`llarni reabilitasiya qilish, lokomotivlarni qayta tiklash, yuk vagonlarining xizmat muddatini uzaytirish ishlari amalga oshirilgan.

Tadbirda tarmoqda yangi ish o`rinlarini yaratish, xususan, kollej va oliy o`quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta`minlash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma`lumot berildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!