“Kids’ English” darsligining to`rtta avlodi tajribadan muvaffaqiyatli o`tdi

10:27, 22 aprel

Milliy matbuot markazida xalq ta`limi tizimida chet tillarni o`qitishni takomillashtirishga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.

Mamlakatimizdagi 8 ming 543 umumta`lim maktabida ingliz tili fani o`qitiladi. 2015-2016 o`quv yili uchun 1-sinf o`quvchilariga mo`ljallangan 641 ming nusxa ingliz tili, 26 mingdan ziyod nemis tili, 20 ming nusxa fransuz tili darsligi, mashq daftarlari chop etildi. 42 nafar eng yaxshi ingliz tili o`qituvchisi Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlarida malaka oshirdi. 

2016-2017 o`quv yili uchun tayyorlangan “Kids’ English 4”, “Deutsch mit Spaβ 4”, “Hirondelle 4” darsliklari tajriba-tadqiqot maktablarida sinovdan o`tkazildi. Ayni paytda mazkur qo`llanmalar bilan samarali ishlash metodikasini fan o`qituvchilariga etkazishga alohida e`tibor qaratilayotir. 

Matbuot anjumanida 4-sinf o`quvchilari uchun yaratilgan “Kids’ English 4” o`quv darsligining taqdimoti ham o`tkazildi. 

– Boshlang`ich sinflar uchun mo`ljallangan “Kids’ English” darsligining to`rtta avlodi ham tajribadan muvaffaqiyatli o`tdi, – deydi “Kids’ English 4” darsligi muallifi Lutfulla Jo`raev. – Mazkur darslikning afzalligi, u o`quvchi, o`qituvchi va ota-onalar uchun mo`ljallangan, o`quv qo`llanma bilan birga mashq va uyga vazifalar daftari ham yaratilgan. 

Yig`ilish ishtirokchilari poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 90-umumta`lim maktabida bo`lib, u erda chet tili fanlarining o`qitilishi, eng so`nggi pedagogik texnologiyalar bilan tanishdi. “Kids’ English 4” kitobi asosida o`tilayotgan darslarni kuzatishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!