Qo`shiqchi Prins vafot etdi

11:41, 22 aprel

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, voqea joyiga etib kelgan huquq-tartibot idorasi xodimlari qo`shiqchi Prinsni behush holda topishgan. Ular Prinsga tibbiy yordam ko`rsatishga harakat qilishgan, ammo ko`rilgan chora-tadbirlarga qaramay, u vafot etgan, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.  

Qo`shiqchining uyi joylashgan Karver okrugi sherifining ma`lumot berishicha, uning xodimlari telefon qo`ng`irog`iga asosan Minneapolisdan unchalik uzoqda joylashmagan Prinsning uyiga etib kelishgan. Ular hushsiz yotgan Prinsga yordam berish maqsadida sun`iy nafas oldirishga harakat qilishgan. Ammo buning foydasi bo`lmagan, oradan 30 daqiqa o`tgach, Prins vafot etdi.

Xabarlarga ko`ra, Prins gripp bilan og`rigan, 15 aprelda sog`ligi yomonlashgani tufayli uning samolyoti Amerikaning Illinoys shtatiga majburiy qo`nishni amalga oshirgan. Qo`shiqchi kasalxonaga yotqizilgan, ammo ertasigayoq konsert berishi kerakligi sababli kasalxonadan chiqib ketgan.

Hozir Prins yashagan uy atrofiga uning ijodini hurmat qilgan yuzlab muxlislari to`plangan. Ijtimoiy tarmoqlarda Gollivudning mashhur aktyorlari va boshqa mashhur yulduzlar uning yaqinlariga ta`ziya izhor qilishdi. 

AQSh prezidenti Barak Obama ham “San`atkorlardan hali hech kim Prinschalik madaniyatimizga katta hissa qo`shib, muxlislar qalbini zabt etmagan. U zamonamizning eng iste`dodli va qobiliyatli musiqachisi edi”, deb ta`kidladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!