Model plus-size besh yil mobaynida 108 kilogrammga ozdi

17:14, 22 aprel

Model plus-size Rozi Merkado juda semirib ketgandi. Og`irligi 185 kilogrammga etganda, u ozishga qaror qildi. Besh yil mobaynida Rozi 108 kilogrammga ozdi va hali yana ozish niyatida, deb xabar qiladi “Sosmo.ru” nashri. 

Rozining o`zi birdan emas, asta-sekinlik bilan ozmoqda. U turli parhezlar bilan sog`ligini yo`qotishdan qo`rqadi. 

“Vaznim 185 kilogrammga etganida ko`plab noqulayliklarga duch kela boshladim. Mashinaga sig`masdim, bolalarim bilan kinoga bora olmasdim. O`zimni muhabbat va baxtga noloyiq inson deb hisoblay boshladim”, deb eslaydi Rozi US Weekly nashriga bergan intervyusida. U o`zining haddan tashqari semizligini bilsa-da, parhez tutishga irodasi etmagan. 2011 yilda kutilmaganda uning hayoti o`zgarib ketadi. O`g`lida markaziy falajlik kasalligi aniqlandi, eri esa ularni tashlab ketdi. Bunday stressdan keyin Rozi turli burgerlar, kartoshka frisiga ruju qo`yadi va qisqa vaqt ichida 185 kilogramm vaznga ega bo`ladi.   

Uch bolaning onasi bo`lmish Rozi biror harakatni amalga oshira olmaydigan darajaga etdi. Moda agentligi u bilan shartnomani bekor qildi, bolalariga qarash ham unga katta qiyinchilik tug`dira boshladi. Uning beso`naqay qaddi-qomati turli hazil-mazaxlarga sabab bo`la boshladi. Aeroportdagi voqea uning sabr kosasini to`ldirdi. Samolyotga chipta olayotganda aviakompaniya xodimi bitta o`rindiqqa sig`masligini vaj qilib, ikkita chipta olishga majbur qildi. Rozi bunday haqoratlarga chiday olmay, ozishga qaror qildi.

Rozining parhezi besh yilga cho`zildi, ammo shunga qaramay, u 108 kilogrammga ozishga muvaffaq bo`ldi.

“Men fitnes, yugurish va piyoda yurish bilan shug`ullanish orqali 50 kilogrammga ozdim. Oshqozonimni kichraytirish uchun o`tkazilgan jarrohlikdan keyin yana 50 kilogramm vaznim kamaydi. Haftasiga 6 marotaba sport bilan shug`ullanaman hamda kuniga 15 ming qadam piyoda yuraman”, deydi Rozi ozish sirlari bilan o`rtoqlashib.

Moda agentligi Rozi bilan yana shartnoma tuzdi. U hamma narsadan ko`ra bolalari bilan birga ekanligidan, ular bilan shug`ullana olishi mumkinligidan judayam mamnun ekanligini bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!