FVV: Eng rivojlangan davlatlar ham zilzilani 100 foiz oldindan aytib bera olmaydi

12:02, 23 aprel

O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun seminar-trening bo`lib o`tdi. 

Unda O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi BMTning Taraqqiyot dasturi ko`magida tashkil etgan tadbirda Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti, Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi va boshqa ko`plab idoralar mutaxassislari qatnashdi. 

Bugun Toshkent yuzlab sanoat ob`ektlari, qudratli transport-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilmaga ega ulkan shahardir. 

Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o`rinbosari Komiljon Аripov eng rivojlangan davlatlar ham er silkinishini 100 foiz oldindan aytib bera olmasligini ta`kidladi. Shu bois, tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular ro`y berganda tezkor harakat qilish va aholini tayyorlash tizimini takomillashtirish zarur. Xususan, mustaqillik yillarida maktab binolari va boshqa ijtimoiy ob`ektlar seysmik xavfsizligini ta`minlashga doir maxsus dasturlar hayotga tatbiq etildi. Avariya holatidagi qariyb 700 maktab kapital rekonstruksiya qilindi yoki yangitdan barpo etildi. 

Tadbirda O`zbekiston seysmologlari jahon ilm-fani rivojiga munosib hissa qo`shayotgani ta`kidlandi. Ayni paytda mamlakatimiz olim va mutaxassislari zilzila ta`sirida ayrim binolarning vayron bo`lish sabablarini yumshatishga qaratilgan yangi loyihalashtirish va qurilish konsepsiyalari hamda texnik echimlar ishlab chiqmoqda. 

Seminar-trening doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari jurnalistlarga favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga shayligini namoyish qildi, Zilzilani simulyasiya qilish markaziga ekskursiya uyushtirildi, qutqaruvchilar inventar va maxsus texnikalar ko`rgazmasini tashkil qildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!