Davlat organlarining 614 ta noqonuniy qarorlari bekor qilindi

16:06, 25 aprel

Adliya vazirligida 2016 yil I chorak yakunlariga bag`ishlangan kengaytirilgan yig`ilish o`tkazildi.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, hisobot davrida qonun ijodkorligi va huquqni qo`llash yo`nalishida bir qator e`tiborga loyiq tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, 29 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 10 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, hukumatga kiritildi. 1.222 ta qonun hujjati loyihalari huquqiy ekspertizadan o`tkazildi. 61 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro`yxatiga olindi.

O`rganishlarda aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo`yicha vazirlik va idoralarga 1.784 ta taqdimnomalar kiritilib, davlat organlarining 614 ta noqonuniy qarorlari bekor qilindi.

Sudlarga kiritilgan 20,6 mlrd. so`mdan ortiq qiymatdagi da`vo arizalari qanoatlantirildi.

Shikoyatlarning ijobiy hal etilishi natijasida 680 ta faoliyat ko`rsatmayotgan tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyati tiklanib, ularda 1.717 ta ish o`rinlari yaratildi.

Aytish lozimki, tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishi natijasida bunday salbiy holatlar keskin kamaydi. Quyidagi raqamlar fikrimizni tasdiqlaydi.

Noqonuniy tekshirishlar o`tgan yilning mos davriga nisbatan 91 foizga, tekshirishlar tartibini buzish esa 58 foizga kamaydi.

Sud departamenti organlari tomonidan qariyb 3 trln. so`mdan ortiq qiymatdagi ijro xujjatlarining ijrosi tamomlanib, majburiy ijro xarakatatlari natijasida amalda 2 trln. 536 mlrd. so`mdan ortiq mablag`lar undirildi.

Davlatimiz rahbari va Hukumat topshiriqlari ijrosini ta`minlashda ham adliya organlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

“Sog`lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyixasi ishlab chiqilib, Vazirlar Maxkamasiga kiritildi.

Umuman, qonun ijodkorligi, huquqiy yordam ko`rsatish, tadbirkorlik, shartnomaviy-huquqiy ishlar, inson huquqlarini himoya qilish, yuridik ta`lim hamda xalqaro-xuquqiy munosabatlar yo`nalishida salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

Hay`at majlisida qilingan ishlar bilan bir qatorda ko`proq e`tibor tizimdagi ayrim muassasalar faoliyatida yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarga qaratildi.

Xususan, ijro intizomi, o`tkazilayotgan tadbirlar monitoringi, murojaatlarni ko`rib chiqishdagi kamchiliklar aniq misollarda ko`rsatib o`tildi. Ular yuzasidan mas`ul rahbarlarning axborotlari tinglandi.

Aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo`l qo`ymaslik alohida ta`kidlandi. Bunda har bir tarmoq rahbarlari va mas`ul xodimlarning faolligini oshirish, mas`uliyatini kuchaytirish zarurligiga urg`u berildi.

Muhokama etilgan barcha masalalar bo`yicha yig`ilishining tegishli qarori qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!