Kontrabanda yo`li bilan olib kirilayotgan qariyb 400 mln. so`mlik tovar fosh etildi

16:28, 25 aprel

Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan “Bojxona organlari tomonidan kontrabanda va bojxona qoidabuzarliklariga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.

Bojxona sohasida sodir etilayotgan jinoyatlar, bir tomondan, davlatning iqtisodiyotiga jiddiy tahdid solsa, ikkinchi tomondan, insonlarning salomatligi, aholining tinch va osoyishta hayot kechirishiga ham xavf tug`diradi. Kontrabanda jinoyatini sodir etuvchi shaxslar o`zlarining jinoiy maqsadlariga erishish uchun uyushgan guruhlar tarzida, o`z harakatlarini puxta niqoblab, sodir qilish uslublarni mukammallashtirib, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda sodir etishga urinadilar.

So`nggi yillarda chegara bojxona postlariga 13 ta katta hajmdagi yuklarni kompleks nazorat qilishga mo`ljallangan skaner qurilmalari va radiasiya nazoratini amalga oshiruvchi 11 ta radiasion portal monitorlari o`rnatildi. Ularning ko`magida nafaqat yirik hajmdagi yuk avtomashinalari sanoqli soniyalarda bojxona ko`rigidan o`tkazish imkoniyati tug`ilmoqda, balki bir qator bojxona qoidabuzarliklari ham fosh qilinmoqda. 

Jumladan, joriy yilning 4 fevral kuni Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Yallama” chegara-bojxona posti orqali respublikamiz hududidan tranzit tarzida o`tayotgan yuk avtomashinasi skaner qurilmasi orqali bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, unda bojxona yuk deklarasiyasi va yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan qiymati 60 mln. so`mdan ortiq 13 turdagi tovarlar yashirin ravishda olib o`tilayotganligi fosh qilindi.

Shuningdek, 25 mart kuni Buxoro viloyati bojxonachilari tomonidan «Olot» chegara-bojxona kompleksi orqali Turkiyadan kelayotgan yuk avtomashinasi skaner qurilmasi orqali bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, unda yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan 331 mln. so`mlik tovar-moddiy boyliklar yashirincha olib kirilayotganligi aniqlandi.

Ikki yoki undan ortiq davlat o`rtasida tovarlarning chegaralararo olib o`tilishi, kontrabandaning oldini olish va boshqa qonunbuzarlik holatlarini nazorat qilish borasidagi vazifalarni samarali bajarishda turli davlatlarning bojxona xizmatlari o`rtasidagi o`zaro hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

DBQning Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tomonidan MDH mamlakatlari va xorijiy davlatlar bojxona xizmatlari bilan tuzilgan Bitimlar asosida kontrabanda va bojxona qoidalari buzilishiga qarshi kurashish masalalarida hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda, shuningdek, o`zaro maqsadlarni ko`zlovchi ma`lumotlar almashinuvini olib borish yo`lga qo`yilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!