“Seni o`zim boy qilaman”: Abduvali Rajabovning kinoda ushalgan orzusi

12:23, 26 aprel

25 aprel kuni Alisher Navoiy nomli kinosaroyida rejissyor Sanjar Shodievning “Seni o`zim boy qilaman” filmi taqdimoti bo`lib o`tdi. Taqdimot marosimida OAV vakillari, san`atkorlar va tomoshabinlar ishtirok etdi. 

Sanjar Shodievning mazkur kartinasi shou-biznes olami, san`atkorlarning ichki dunyosi va mazkur sohada bo`ladigan o`yinlar, g`irromliklar, san`atkorlarga xos “yulduzlik kasali” haqida hikoya qiladi. Filmda bosh rollarni Javohir Zokirov, xonandalar Abduvali Rajabov va Ravshan Sobirov, Zarina Nizomiddinova, Adiz Rajabov, Sanjar Shodiev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Shohida Ismoilovalar ijro etgan.

Ko`plab san`atkorlarga homiylik qilgan prodyuser Bekzod(Javohir Zokirov) mashhur xonandalardan biri Olchinbek(Ravshan Sobirov) bilan hamkorlik qiladi. Olchinbek esa mashhurlikning “yukini” ko`tara olmaydi. Ziyofatda hammaning oldida o`z prodyuserini mulzam qiladi. Unga qarata: “Siz meni emas, men sizni odam qildim”, deydi. Bundan Bekzod aka qattiq ranjiydi va shu erning o`zidayoq Olchinbek bilan xayrlashib, u bilan boshqa ishlamasligini aytadi. Olchinbek esa prodyuserga undek san`atkorlar bir necha yilda bir marta tug`ilishi va o`zidan o`tadigan san`atkor yo`qligini ta`kidlaydi. 

Davron(Abduvali Rajabov) kafe va barlarda qo`shiq aytib pul topadi. U bolalikdagi do`sti Sobir(Sanjar Shodiev) bilan doim birga yuradi. Bekzod kunlardan bir kuni Davronni qo`shiq kuylayotganini eshitib qoladi va Sobirga o`z tashrif qog`ozini qoldiradi. Shunday qilib, Bekzod Davron bilan hamkorlik boshlaydi. 

Davronning ishlari yurishganidan yurishadi. Hamma mukofotlar, shonu-shuhrat uniki bo`la boshlaydi. Biroq, uning birgina og`riqli nuqtasi bor... U ham bo`lsa, Davronning onasi og`ir kasal bo`lib qoladi. Uni yolg`iz boshi bilan katta qilgan onasi o`g`lining yaxshi kunlarini ko`ra olmaydi...

Filmda Ravshan Sobirov va Abduvali Rajabov ijrosidagi biroz unitilgan, ammo hamon sevimli “Nega”, “Yomg`irlar”, “Bevafo yor” kabi xit qo`shiqlar yangraydi. Tomoshabinlar film namoyishidan so`ng Ravshan Sobirovning aktyorlik qobiliyatini yana bir bor e`tirof etgan bo`lsa, ajab emas. Sababi, Ravshan Sobirov kartinadagi yulduzlik kasaliga chalingan xonanda obrazini mahorat bilan gavdalantirgan.

Xonanda Abduvali Rajabovning ijrosida esa biroz sun`iylik sezildi. Xususan, ovoz yozish studiyasida prodyuser va xonanda o`rtasidagi tanbehlar to`la dialog sahnasida Davronning yuz ifodasi mutlaqo o`zgarmaganini ko`rish mumkin. 

Filmda Zarina Nizomiddinova Laylo ismli yosh aktrisa obrazini gavdalantirgan. Filmda Davron va Layloning o`zaro munosabatlari to`la ochib berilmagan. Ular bir marta ko`rishib, birdan sevishgan juftlikka aylanib qoldi. Davron qachon Layloning qalbini zabt etdi-yu, qachon ular bir-birini sevib, munosabatlari boshlangani tomoshabinga tushunarsizligicha qoldi....

Filmdagi yana bir sahna tomoshabinlarga erish tuyulganday nazarimizda. Mashhur prodyuser Davron u bilan bog`lanishini so`rab, Sobirga o`z tashrif qog`ozini qoldiradi. Sobir Davronni zo`r ishtiyoq bilan Bekzodning oldiga olib boradi. Bekzod esa Davron bilan yolg`iz gaplashish istagini bildiradi. Sobirning bundan jahli chiqadi. Davron Bekzodning xonasidan chiqqach, Sobirga prodyuserning taklifiga rozi bo`lganini aytadi. Sobir bundan qattiq xafa bo`ladi. Vaholanki, uning do`stiga omad kulib boqdi. Taniqli prodyuser Davron bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi. Chin do`st do`stining omadidan faqat xursand bo`ladi. Kinoda esa bunday bo`lmadi, Sobir prodyuserning taklifini qabul qilgan Davrondan qattiq ranjidi. 

Filmdagi e`tiborimizni tortga yana bir sahna Aziza Begmatova va u tengqur mahalla ayollari bo`ldi. Bugungi informasion texnologiyalar, xususan internet jadal bilan rivojlanayotgan davrda ularni mobil uskunalardan foydalanishlari va shu orqali barcha dunyo voqealaridan xabardor bo`lishlari, bundan tashqari, “Barsa” va “Real” futbol jamoalari o`yinlarini muhokama qilishlari kabi sahnalar tomoshabinlarni kayfiyatini ko`tardi va qarsaklar bilan qarshi olindi.

Filmda ayrim sahnalar ortiqchadek, nazarimizda. Masalan, Sobirning jiyani bilan bog`liq sahnalar.  Xonanda bo`lishga qiziquvchi bolaning gitara chalib, qo`shiq aytish sahnalari bilan rejissyor nima demoqchi bo`lgani, tushunarsiz...

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!