Toshkentda media kunlar boshlandi

13:28, 26 aprel

25 apreldan 11 maygacha poytaxtimizda Jahon matbuot erkinligi kuniga bag`ishlangan media kunlar bo`lib o`tmoqda. 

Tadbir O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, EXHTning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori, K.Adenauer nomidagi jamg`armaning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy vakolatxonasi va YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Tadbirda Sog`lom ona va bola yiliga bag`ishlangan seminarlar, ijtimoiy loyihalar taqdimotlari, xalqaro va milliy ekspertlar, nodavlat tele va radiokompaniyalar xodimlari ishtirokida davra suhbatlari, mahorat saboqlari, turli festival hamda tanlovlar o`tkaziladi. 

“OAV ijtimoiy muloqot, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta`minlashning muhim vositasi sifatida” mavzuida o`tkaziladigan xalqaro konferensiya muhim tadbirlardan biridir. 

Konferensiyaning sho``ba yig`ilishlarida fuqarolarning axborot olish bo`yicha konstitusiyaviy huquqini ta`minlash, hokimiyat va boshqaruv organlarining qabul qilinadigan qarorlar uchun mas`uliyatini oshirish, davlat organlari faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta`minlashga qaratilgan ijtimoiy media-kontentni shakllantirishda OAVni rag`batlantirish va boshqa masalalar ko`rib chiqiladi. Sho``balar ishi yakunida O`zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida»gi qonunini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqiladi. 

Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi nodavlat teleradiostansiyalarning raqamli ko`rsatuv va eshittirishlarga o`tishi bo`yicha loyihani taqdim etadi. Shuningdek, «Jurnalistlar bahori» festivali ham bo`lib o`tadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!