O`zbekiston aholisi ShHT yubiley sammiti arafasida Toshkent qiyofasi o`zgarayotganidan mamnun

11:05, 27 aprel

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi “Fuqarolar Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining bo`lib o`tadigan majlisi haqida” mavzuida ekspress-so`rov o`tkazdi. So`rovni o`tkazishdan maqsad Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati, O`zbekistonda ShHT Davlat rahbarlari kengashining 15-yubiley majlisiga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar to`g`risida mamlakatimiz aholisining fikrini o`rganishdir. 

So`rov natijalari shundan dalolat beradiki, fuqarolarning aksariyati Shanxay hamkorlik tashkilotining nafaqat ShHTga a`zo davlatlar, balki butun dunyoda xavfsizlikni mustahkamlash, tinchlikni saqlash, barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta`minlashga qaratilgan samarali faoliyatini qo`llab-quvvatlaydi. O`zbekiston aholisi ShHT Davlat rahbarlari kengashining yubiley sammiti aynan mamlakatimiz poytaxtida o`tkazilayotgani bilan faxrlanadi. 

Fuqarolar Prezidentimiz Islom Karimovga mintaqaviy hamkorlikning ko`plab sohalarida ShHT faoliyatini yanada faollashtirishga doir samarali tadbirlar o`tkazilayotgani uchun alohida minnatdorlik bildirmoqda. So`rov qatnashchilari mazkur uchrashuvda qabul qilinadigan qarorlar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muhim voqea bo`lishiga ishonadi. 

Ekspress-so`rov natijalariga ko`ra, fuqarolarimizning ko`pchiligi (92,1 foizi) ShHTni eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan, deb hisoblaydi. Ushbu xalqaro tuzilma terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm, qurol-yarog` va narkotiklarning noqonuniy savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Fuqarolarning ta`kidlashicha, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta`minlashda tashkilotga a`zo davlatlarning o`zaro hamkorligini tartibga soladigan mustahkam huquqiy baza ishlab chiqilgan. So`rov natijalari shundan dalolat beradiki, mamlakatimiz aholisi Prezidentimiz tomonidan ShHT faoliyatining barcha yo`nalishlari bo`yicha ilgari surilgan tashabbuslarni yuksak baholaydi. Jumladan, O`zbekiston ShHTga a`zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining har yili o`tkazib kelinayotgan uchrashuvlari tashabbuskori bo`ldi. 

So`rov ishtirokchilarining fikricha, savdo-iqtisodiy hamkorlik, atrof-muhit muhofazasi va madaniy-gumanitar soha ShHT faoliyatining muhim yo`nalishlaridandir. 

Tadqiqot davomida jamoatchilikda ShHT mintaqaviy xavfsizlik, siyosiy barqarorlik, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni ta`minlash, tashkilotga a`zo barcha davlatlar uchun ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish borasida amaliy mexanizmga aylangani haqida fikr qaror topgani va uning ahamiyati yanada ortishi aniqlandi. 

Ishtirokchilarning fikricha, bo`lib o`tadigan sammit yilning eng muhim siyosiy voqealaridan biri bo`ladi. Fuqarolarimiz poytaxtimizda ShHT yubiley sammiti arafasida amalga oshirilayotgan o`zgarishlarga nisbatan ijobiy fikr bildirmoqda. “Toshkentning tashqi qiyofasida ro`y berayotgan o`zgarishlar sizga yoqadimi?” degan savolga so`rov qatnashchilarining qariyb 81,5 foizi ijobiy javob berdi. Ularning fikricha, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlarining uchrashuviga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda va ular poytaxtimiz qiyofasi kun sayin o`zgarib borayotganidan mamnun. 

Ekspress-so`rov qatnashchilari “Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi yuksak saviyada tashkil etilayotgani” mehmonlarda katta taassurot qoldiradi, degan fikr bildirgan. 

Ijtimoiy so`rov natijalari fuqarolarimiz Prezidentimiz rahnamoligida ShHT kabi nufuzli xalqaro tuzilma doirasida amalga oshirilayotgan hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha tashqi siyosiy faoliyatni qo`llab-quvvatlashini namoyish qildi. Yurtdoshlarimiz ShHTning Toshkentda o`tadigan 15-sammiti unga a`zo davlatlarning o`zaro manfaatli hamkorligini yanada mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, farovonligini yuksaltirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro`sini mustahkamlash, O`zbekistonda tinchlik va taraqqiyotni ta`minlashga ko`maklashishiga ishonadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!