O`zbekiston Prezidentining Rossiyaga rasmiy tashrifi yakuniga etdi

11:12, 27 aprel

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ldi. 

25 aprel kuni Islom Karimov va Vladimir Putinning norasmiy uchrashuvi bo`lib o`tdi. Prezidentlarning samimiy va sermazmun suhbati uzoq davom etdi. Tomonlar O`zbekiston – Rossiya munosabatlari, jahonning turli mintaqalarida sodir bo`layotgan voqealar xususida atroflicha fikr almashdilar. 

Tashrifning asosiy tadbirlari 26 aprel kuni Kremlda bo`lib o`tdi. Islom Karimov va Vladimir Putinning uchrashuvida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, harbiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. 

Islom Karimov ushbu tashrif o`zaro aloqalar rivojiga yangi sur`at bag`ishlashini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan har tomonlama fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini alohida ta`kidladi. 

Vladimir Putin O`zbekiston Rossiyaning strategik hamkori va ishonchli ittifoqchisi ekanini, bu munosabatlar yanada mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdi. 
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Afg`oniston muammosi, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. 

Uchrashuvda O`zbekistonning ShHTga raisligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e`tibor qaratildi. Mamlakatimizning tashkilot ishini yanada faollashtirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yo`naltirilgan sa`y-harakatlari muhim ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi. Vladimir Putin O`zbekiston tomonidan ShHTning iyun oyida Toshkentda bo`ladigan sammiti muhokamasiga kiritilishi mo`ljallanayotgan tashabbuslarni Rossiya tomoni qo`llab-quvvatlashini qayd etdi. 

Rossiya O`zbekistonning tashqi savdo sheriklari orasida ikkinchi o`rinda turadi. O`zbekiston Rossiyaga transport vositalari, paxta tolasi, trikotaj, meva-sabzavotlar, qora va rangli metallar, turli xizmatlar eksport qiladi. 
Muzokarada mamlakatimizda etishtirilgan meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko`paytirish va turini kengaytirishga kelishib olindi. 

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga doir masalalar muhokama qilindi. Mamlakatlarimizda o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to`la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko`pligi, ularni ishga solish ikki tomon uchun ham manfaat keltirishi ta`kidlandi. 

Tomonlar madaniyat, ilm-fan, ta`lim, sport va turizm sohalari bo`yicha o`zaro aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. 

Muzokaralar yakuni bo`yicha O`zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federasiyasi o`rtasida madaniy-gumanitar, tashqi siyosat, oliy ta`lim, jismoniy tarbiya va sport kabi qator sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi. 

Islom Karimov va Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiq va o`zaro ishonch ruhida o`tganini, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilganini ta`kidladilar. Bu o`zaro munosabatlarning bugungi holatini baholash, ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini belgilash imkonini berdi. Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan tomonlarning pozisiyasi bir xilligi yoki yaqinligi qayd etildi. 

Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Rossiyaga rasmiy tashrifi yakuniga etdi. Oliy darajadagi muloqotlarning uzviy davomi bo`lgan ushbu muzokaralarda mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishning muhim yo`nalishlari va istiqbollari belgilab olindi. Bu O`zbekiston va Rossiya xalqlari manfaatlariga xizmat qiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!