14 mingdan ziyod oiladagi turli nizolarning oldi olindi

17:01, 27 aprel

Joriy yilning o`tgan davri mobaynida respublikamiz miqyosida 2,3 milliondan ziyod oilaning ijtimoiy-ma`naviy holati o`rganilib, ularga zarur tavsiyalar berildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 14 mingdan ziyod oilada turli nizolarning oldini olishga erishildi. 66 mingdan ziyod oilaga moddiy ko`mak, 82 mingga yaqiniga tibbiy yordam ko`rsatildi. Yana 65 mingdan ziyod fuqaroni ish bilan ta`minlashga ko`maklashildi.

Bu haqda «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan O`zbekiston Milliy matbuot markazida tashkil etilgan «Oilalarni mustahkamlash, ularga moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish, sog`lom ona va bola g`oyasini amalga oshirishda mahallaning o`rni» mavzusidagi matbuot anjumanida ta`kidlab o`tildi.

Anjumanda ta`kidlanganidek, «Mahalla» xayriya jamoat fondi tuzilmalari tomonidan joriy yilning birinchi choragi mobaynida O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi, Ma`naviyat targ`ibot markazi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, «Nuroniy» jamg`armasi, Din ishlari bo`yicha qo`mita va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda erta nikohning salbiy oqibatlari bo`yicha 27 mingdan ziyod, yosh oilalar ajralish holatlarining oldini olish bo`yicha 28 mingga yaqin, nikohlanuvchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish bo`yicha 26 mingga yaqin targ`ibot tadbirlari tashkil etilib, ushbu tadbirlarda 4,6 million nafardan ortiq aholi va yoshlar ishtiroki ta`minlandi.

Hududlarda kam ta`minlangan, boquvchisini yo`qotgan oilalar farzandlarining 17 nafariga sunnat to`ylari o`tkazib berilib, ularning har biriga banklarda 1 million so`mlik omonat daftarchalari ochtirildi. 

Shu bilan birga, respublikaning olis va borish qiyin bo`lgan qishloq tumanlarida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 127 ta oilaga kiyim-kechaklar bepul ulashildi. Shuningdek, 98 nafar nogiron va etim talabaning kontrakt pullarini to`lashda amaliy yordam ko`rsatildi. Mahallalardagi 450 nafar kam ta`minlangan oilalar, urush va mehnat fronti faxriylari, yolg`iz keksalar hamda nogironlarga 200 mln. so`mlik moddiy yordamlar ko`rsatildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!