O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi

09:51, 28 aprel

O`zbek tilshunosligi sohasidagi yirik olim, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi G`ani Abdurahmonov 91 yoshida vafot etdi.

G`.Abdurahmonov 1925 yilda Farg`ona shahrida tug`ildi. 1946 yili Farg`ona davlat pedagogika institutini tugatganidan so`ng shu dargohda ilmiy-pedagogik faoliyatini boshladi. 1950 yilda nomzodlik, 1962 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1968 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.

Ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyatini birgalikda olib borgan iste`dodli olim o`zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida Farg`ona davlat pedagogika instituti kafedra mudiri va prorektori, O`zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti sektor mudiri, Farg`ona davlat pedagogika instituti rektori, O`zbekiston oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri, Toshkent davlat chet tillari instituti, Toshkent davlat pedagogika instituti rektori, Til va adabiyot instituti bosh ilmiy xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori kabi mas`ul lavozimlarda samarali mehnat qildi. Yurtimizda tilshunoslik fani sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish ishiga munosib hissa qo`shgan G`.Abdurahmonovning o`zbek adabiy tilining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan ko`plab monografiya, risola va maqolalari, uning rahbarligi ostida tayyorlangan lug`atlar keng jamoatchilikka yaxshi ma`lum.

Talabchan va jonkuyar inson sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida o`nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Akademik G`.Abdurahmonovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari munosib taqdirlandi.

U O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan fan arbobi faxriy unvoni, «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, kamtarin inson G`ani Abdurahmonovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 

I.Karimov, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov, 
Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!