Bir haftada ozishning 17 usuli

14:56, 28 aprel

Foydali odatlar tufayli ozishga harakat qilamiz.

Ozish uchun parhez qilar ekanmiz, tezroq uning natijasini ko`rishga harakat qilamiz. Aksiga olib ozish jarayoni juda sekin kechadi va ko`zlangan natijaga erishish oson bo`lmaydi. “Elle.ru” nashri bir hafta davomida tezroq ozish sirlari bilan sizni tanishtiradi.

1. Ovqatlanish tartibini rejalashtiring 

Kunlik, iloji boricha haftalik taomnomangizni rejalashtirib olsangiz, fastfudlarga kamroq murojaat qilasiz. Yakshanba kuni bir haftalik oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olib, haftalik ovqatingizni tayyorlab, muzlatkichga solib qo`ying. Tayyor ovqatni tushlik qilish uchun o`zingiz bilan olib ketsangiz ham bo`ladi.

2. Albatta nonushta qiling

Nonushta — ovqatlanish jarayonidagi eng muhim paytdir. Aynan nonushta kundalik kayfiyatni, kuch-quvvatni, ishtahani belgilaydi. Donli mahsulotlar, oqsillar, foydali yog`lar uyg`ongandan keyin iste`mol qilinsa, tushlikka borib ishtaha ochilib ketadi.  

3. Har doim foydali mahsulotlar olib yuring 

Hali ovqatlanish payti kelmagan bo`lsa, qorningiz och qoladigan bo`lsa, uni aldash uchun qo`l ostingizda biror meva, sabzavot yoki quritilgan meva bo`lsin. Hech qachon shokolad iste`mol qilishga shoshilmang. Qovurilgan eryong`oq ham qorinni to`q tutadi.

4. Ko`proq suv iching

Kerakli miqdordagi suv organizm faoliyatini yuqori darajada ushlab turadi. Ovqatlanishdan yarim soat oldin va ovqatlangandan keyin 45 daqiqadan keyin ichilgan suv metabolizmni yaxshilaydi. Ovqatlanish jarayonida suv ichish oshqozon shirasini eritib yuborganligi tufayli hazm qilish jarayonini sekinlashtiradi.

5. Tushlikdan oldin biroz piyoda sayr qiling

Ish joyida tushlik qilish bir necha sabablarga ko`ra zararlidir. Birinchidan ishga andarmon bo`lib, ko`p ovqat eb qo`yishingiz mumkin. Ikkinchidan tushlik uchun berilgan tanaffusdan unumli foydalana olmaysiz. Yaxshisi ovqatlanish uchun oshxonaga, biror qahvaxonaga chiqqaningiz ma`qul yoki tushlik oldidan biroz piyoda sabr qiling. Bu sizni xotirjam qilib, kamroq ovqat eyishinigizga sabab bo`ladi.

6. Tuzni kamroq iste`mol qiling

Tuz shakar kabi semirtirmasa ham, ammo uning takibidagi natriy moddasi organizmdan suvning chiqib ketishiga to`sqinlik qilib, qorinning dam bo`lishiga sabab bo`ladi. Bunday holga tushmaslik uchun kamroq tuz iste`mol qilish lozim. Agar salatga tuz solish kerak bo`lsa, uning o`rniga limon sharbatidan foydalanishingiz mumkin. Tuzni “oq ajal” ham deb atashadi. Restoranga borganda ofisiantdan ovqatga tuz solmaslikni so`rang. Irodangiz etsa, tuzsiz ovqat iste`mol qilishga harakat qiling.

7. Tushlik va kechki ovqatni meva tanovul qilishdan boshlang

Asosiy ovqatni iste`mol qilishdan ilgari sabzavotli salat yoki engil sho`rva ichishni unutmang. Agar shunday qilsangiz, oshqozoningizni foydali to`qimalar bilan to`ldirasiz, ortiqcha bitta burger eyishdan xalos bo`lasiz. Salatni ovqatdan oldin iste`mol qilsangiz, uni eyish “esingizdan chiqib qolmaydi”.

8. Ko`proq harakatda bo`ling

Avtomobil, metro, kompyuter, kinoteatr, qahvaxona, yana transport, televizor oldidagi kechki ovqat, keyin uyqu. Bu narsalarni hisoblab, qanchalik dangasa ekanligimizni bilib olishimiz mumkin. Harakat uchun sportzaldan, piyoda yurishdan, ofisdagi har qanday jismoniy mashqlardan foydalaning. Eskalatorning o`rniga zinapoyadan piyoda chiqing. Kuniga 10 ming qadam tashlashga harakat qiling. Real raqamlarni ko`rgandan keyin, natijani yanada yaxshilashni istab qolasiz. 

9. Qahva iching

Bu g`alati eshitiladi, to`g`rimi? Chunki qahva har qanday desertning o`rnini bosadi va sog`lik uchun u darajada xavfli emas. Ammo uni ichishning ham chegarasi bor.

10. Uyda ovqatlaning

Uyda o`zingiz ovqat tayyorlasangiz, uning kaloriyasidan xavotirlanmay, xotirjam ovqatlanishingizga sabab bo`ladi. 

11. Diqqatingizni ovqatga qarating

Kompyuter, televizor oldida o`tirib, kitob o`qib, ovqat eyish odatini tashlang. Bu narsalar sizni ovqatni ta`mini bilishdan chalg`itadi, oshqozonning miyaga to`yganligi haqidagi signali etib bormaydi. Buning oqibatida ko`p ovqat eb qo`yasiz, qorningizda og`irlik hissini tuyasiz.

12. Oq rangli mahsulotlardan voz keching

Oq rangli mahsulotga tuz va shakardan tashqari, oq non, kartoshka, yog`li sut mahsulotlari kiradi. Ozishni istasangiz, ularning o`rniga meva va sabzavotlarni, proteinga boy yormalarni iste`mol qiling.

13. Suvli meva va sabzavotlarni iste`mol qiling

Meva va sabzavotlar qanchalik suvli bo`lsa, kaloriyasi shuncha past bo`ladi. Buni o`zingiz taqqoslab ko`rishingiz mumkin: Banan (89 kkal), yashil olma (52 kkal), bodring (14 kkal), shirin lavlagi (40 kkal). Meva va sabzavotlar tarkibidagi foydali sharbatlar to`qlik hissini beradi. Bundan tashqari ular terini yaxshi namlantiradi. Ularning orasida pomidor, tarvuz, qovun, sitrus mevalari etakchilik qiladi.

14. Terlang

Qanday harakat qilishingizdan qat`i nazar, terlashga harakat qiling. Kuniga 15 daqiqa faol jismoniy harakat qiling: Arqonda sakrang, yuguring, velosiped haydang, oyna oldida sevimli musiqangizga raqsga tushing. 

15. Qad-qomatingizga e`tiborli bo`ling

Qad-qomatni tik tutish, osilib tushmagan qorin inson qomatini raso qilib ko`rsatadi. Bundan tashqari qomatni tik tutish ovqat hazm qilishni yaxshilab, ortiqcha kaloriyani yo`qotadi.

16. Meditasiya qiling

Meditasiya hamda yoga tana va ruh uyg`unligini yuzaga keltiradi. Bu narsalar odamni xotirjam qilib, xayolini bir joyga to`playdi. “Bugun uyqu oldidan muzlatkichni ochmayman” yoki “Ertaga supermarketning qandolatchilik bo`limi yonidan bee`tibor o`tib ketaman” degan fikrlarni amalga oshirishda yordam beradi.

17. Oldingizga aniq maqsad qo`ying

Agar ishdan kech qaytadigan bo`lsangiz, o`zingizga soat 10 gacha fitnes-markazga borishga va`da bermang. Yaxshisi sport bilan ertalab ishga ketgunga qadar yoki dam olish kunlari shug`ullaning. Oldingizga real va aniq maqsad qo`ysangiz uni bajarish engilroq kechadi. Bu parhezga ham taalluqli. Ochlik hisobiga, o`zingizni qiynab, haftasiga 7 kg ozishingiz shart emas. Bunday ahvolda holdan toyib qolishingiz yoki ochlikdan keyin bo`kib ovqat eyish oqibatida mazangiz qochishi mumkin. Maqsad aniq bo`lsa, uni bajarish ham oson bo`ladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!