Germaniya elchisi vodiy viloyatlariga safar qildi

11:48, 30 aprel

O`zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzi tobora ortib, uzoq va yaqin xorij mamlakatlari bilan turli sohalardagi hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ortiqcha izoh talab etmaydi. Bugun O`zbekistonning Evropa mamlakatlari, xususan Germaniya Federativ Respublikasi bilan do`stona munosabatlari o`z samaralarini berayotir.

Ikki mamlakat o`rtasida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy, fan va ta`lim yo`nalishlaridagi aloqalari katta ahamiyat kasb etayotir. Bugun yurtimizda har ikki davlat ishtirokidagi o`nlab qo`shma korxonalar faoliyat ko`rsatmoqda. Xususan, Namangan, Andijon va Farg`ona viloyatlarida ham Germaniya bilan hamkorlikda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

25-29 aprel kunlari Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing Namangan, Andijon va Farg`ona viloyatlariga tashrif buyurib, mamlakatlarimiz o`rtasida turli sohalarda yo`lga qo`yilgan hamkorlik samaralari bilan tanishdi.

Sog`lom millat buyuk ishlarga qodir

Aholi salomatligini saqlash davlatimiz siyosatining muhim ustuvor yo`nalishlaridan biri sanaladi. Farg`ona vodiysidagi bir qator shifo maskanlarini modernizasiyalash, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash maqsadida Germaniya hukumati tomonidan uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar, grantlar ajratilmoqda.

Jumladan Namangan va Andijon viloyatlaridagi bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlariga Germaniyaning KfW banki ko`magida Germaniyaning ilg`or kompaniyalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy uskunalar keltirib o`rnatildi. Bir qator xususiy klinikalarga Germaniyaning SES (Senior Experten Sevise – Tajribali ekspertlar xizmati) loyihasi asosida bir guruh nemis shifokorlar kelib, mahalliy hamkasblari bilan tajriba almashishdi, shuningdek ushbu klinikalarda bir qator bemorlar bepul tekshiruvdan o`tkazishdi.

- Shifoxonamizga yaqinda Germaniyadan taniqli oftalmolog shifokor Vilfred Vesel kelib, o`z bilim va tajribalarini biz bilan o`rtoqlashdi, - deydi Namangandagi “ZZZ” ko`z klinikasi rahbari Zafarjon Abdullaev. – Uning ko`magida bir qancha katarakta va glaukoma operasiyalarini o`tkazdik. Yaqin orada shifokorlarimizni malaka oshirish uchun ushbu davlatga jo`natishni mo`ljallab turibmiz.

Qo`qon shahridagi “Euromed diagnostic” klinikasi ham hududdagi rivojlanib borayotgan xususiy tibbiyot muassasalaridan biri. O`tgan yili bu erga tashrif buyurgan germaniyalik shifokorlar 19 kun davomida klinika xodimlari bilan mashg`ulotlar o`tkazdi, ularga tegishli maslahatlar, yo`l-yo`riqlar berdi. Ayni paytda muassasada germaniyalik mutaxassislar tavsiyalari asosida, shu davlatdan keltirilgan asbob-uskunalar yordamida malakali xizmat ko`rsatilmoqda.

Andijondagi “VISUS”, Farg`onadagi “Denol-impeks” xususiy klinikalariga bilan ham SES (Senior Experten Sevise – Tajribali ekspertlar xizmati) loyihasi asosida ana shunday hamkorlik yo`lga qo`yilgan.

Mamlakat ertasi - yoshlar qo`lida

Germaniya elchisi ushbu safar doirasida vodiy viloyatlaridagi o`ndan ortiq oliy va o`rta-maxsus ta`lim muassasalarida bo`lib, yosh avlodning ta`lim-tarbiyasi uchun yaratilgan shart-shaaroitlar bilan tanishdi.

Jumladan Andijon shahridagi 4-sonli akademik lisey o`quvchilarining chet tillarida, xususan nemis tilida ravon so`zlashlarini ko`rib, o`z hayratini yashirolmadi.

-Liseyimiz 2010 yilda Andijon Davlat universiteti qoshida tashkil etilgan, - deydi lisey direktori Sanjarbek Mamajonov. – Ayni paytgacha liseyimizni bitirib chiqqan o`g`il-qizlarimiz mamlakatimizning, shuningdek, Xitoy, Malayziya, Singapur, Latviya, AQSh, Germaniya singari mamlakatlarda tahsilni davom ettirmoqda. Bu erda bir qator chet tillari qatori nemis tilini ham puxta o`qitish yo`lga qo`yilgan.

Baliqchi tumanidagi industrial pedagogika kasb-hunar kolleji va Marg`ilon shahridagi qurilish kasb-hunar kolleji ustaxonalariga ham Germaniyaning KfW banki ko`magida ushbu mamlakatning ilg`or kompaniyalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar keltirib o`rnatilgan. Ayni paytda o`quvchilar ushbu dastgohlar bilan ishlash, ular yordamida qurilish, ta`mirlash va pardozlash ishlarini puxta o`rganib, bu boradagi yangicha ko`nikmalarni o`zlashtirmoqdalar.

Ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish yo`lida

Germaniya hukumati ko`magida yurtimizdagi bir qator qishloq xo`jaligi va ishlab chiqarish korxonalariga, shuningdek ta`lim va tibbiyot muassasalariga zamonaviy asbob-uskunalar, ilg`or texnologiyalar keltirib o`rnatilgan.

Asaka tumanidagi “Sharq bahodiri” fermer xo`jaligi chorvachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan. Ushbu xo`jalik bir kunda 100 ming donadan ortiq tuxumni aholi dasturxoniga tortiq qiladi. Bu erga bankdan olingan 2 million evro kredit evaziga Germaniyaning eng ilg`or texnologik liniyalari o`rnatilgan.

Andijon viloyatida Oltinko`l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi”, fermer xo`jaligida 1000 boshdan ortiq qoramol parvarishlanadi, bir kunda aholiga 12 tonnagacha sut etkazib beriladi. Mazkur xo`jalikda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati yordamida qishloq xo`jaligi mutaxassislari uchun foydali seminar treninglar o`tkazib kelinadi. Ayni paytda xo`jalikda Germaniyaning Claas, Lemken, Grimme singari nufuzli kompaniyalarning qishloq xo`jalik texnikalaridan unumli foydalanilmoqda.

Qo`rg`ontepa tumanidagi “Oqsuv” fermer xo`jaligida esa sut mahsulotlarini xorij texnologiyasi asosida qayta ishlash ham yo`lga qo`yilgan. Bu erda qadoqlanayotgan sut, pishloq, brinza, tvorog singari mahsulotlar qo`shni mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda.

Germaniya elchisi xo`jalikda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yuqori baholadi va ularni hatto G`arb bozorlarida ham sotilishiga umid bildirdi. Shu kuni xo`jalikning yangi sut qabul qilish shoxobchasining ochilishida ham ishtirok etdi.

Qo`qonda joylashgan “Europrint Kokand” MChJda ayni paytda 60 dan ortiq yoshlar ish bilan ta`xminlangan. Bu erda Germaniyaning Heidelberg kompaniyayasi texnologiyasi yordamida turli xil mahsulotlar uchun qadoqlar, qutilar, yorliqlar – har xil hajm va bichimdagi poligrafiya mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxona mahsulotlariga nafaqat vodiyda, balki mamlakatimizning boshqa hududlaridan ham buyurtmalar tushmoqda.

Janob Naytxart Xyofer Vissing safari asnosida mazkur xo`jaliklar va muassasalarda bo`lib, ularning ish faoliyati bilan yaqinlan tanishdi. Ta`lim maskanlarida ta`lim olayotgan yoshlarning bilim va salohiyatini yuqori baholadi.

-O`zbekiston bilan hamkorlik Germaniya uchun ham muhim startegik ahamiyatga ega, - dedi elchi jurnalistlar bilan suhbatda. – Jumladan O`zbekiston xavfsizlikni ta`minlash, terrorizmga qarshi kurashda Germaniyaning yaqin hamkorlaridan biri. Do`stona aloqalarimiz bndan ham keyin ham rivojlanib borishiga ishonaman.

Rustam Jabborov

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!