Toshkent va Samarqandda “Favvoralar sayli” bo`lib o`tdi

09:54, 02 may

1 may kuni Toshkent va Samarqand shaharlaridagi favvoralar atrofi bayramona tus oldi. Musiqa sadolari yangrab, shahar ahli va mehmonlarni o`ziga chorladi. 

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi “Toshkent favvorasi” davlat unitar korxonasi muhandisi Bahodir Azizovning aytishicha, poytaxtimizda bugungi kunda ana shunday “raqsga tushuvchi” va zamonaviy yoritish tizimlari bilan ta`minlangan 15 yaqin favvora bor. 

Bu yil ham sayilga puxta hozirlik ko`rildi. Favvoralar ta`mirlanib, zamonaviy texnologiyalar o`rnatildi. Toshkent xalqaro aeroporti yaqinidagi va Yakkasaroy tumanidagi Pushkin haykali qarshisidagi favvoralar svetodiodli chiroqlar bilan bezatildi. Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri maydonidagi musiqali favvora chiroqlari ana shunday serjilo chiroqlarga almashtirildi. 

Samarqand shahrining Ko`ksaroy va Teatr maydonlari, Amir Temur xiyoboni, Shoirlar bog`i, Universitet xiyoboni, Samarqand temir yo`l vokzali maydoni kabi 10 yaqin maskanlardagi favvoralar atrofida madaniy dasturlar, konsert tomoshalari, samarqandlik rassomlarning rang-tasvir asarlari ko`rgazmalari namoyish etildi.  

“Favvoralar sayli” davomida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahri va Samarqand viloyati hokimliklari, qator idora va tashkilotlar hamkorligida yozuvchilar, shoirlar, san`atkorlar, rassomlar, raqs va teatr guruhlari ishtirokida turli ommaviy ma`naviy-madaniy tadbirlar o`tkazildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!