Shahzodaning konserti: eski qo`shiqlarning yangi talqini,tomoshabinlarni hayratga solgan holat(Foto)

11:27, 02 may

Kecha, 1 may kuni xonanda Shahzodaning 7 kunlik konsert dasturiga start berildi. 

“Popcorn.uz” sayti mazkur konsert dasturidan reportaj tayyorladi.

Katta ekranda Shahzoda ko`rindi va o`ta ta`sirli monologi bilan barchani ruhlantirdi. So`ng chiroqlar hamohangligida doiralar sadosi bilan raqqosalar va xonandalar “Qo`llar tepaga” qo`shig`ini bir qismini ijro qilishdi. Shu qo`shiqni xorazmcha yo`nalishda boshqa bir xonanda chiqib ijro etdi. Qo`shiqni qolgan qismini avval “OAZIS” guruhi vakillari keyin ofiserlar kuylashdi. Katta ekran o`girila boshladi va Shahzoda raqqos yigitlar bilan ko`rindi. “Qo`llar tepaga” qo`shig`ini o`zidayoq muxlislar jonlanishdi. Xonandani o`zgacha kayfiyatda kutib olishdi.

Shundan so`ng betakror xonanda Shahzoda Shohruxxon bilan birga yaqindagina ommaga taqdim etilgan va ayni damda barchaning sevimli qo`shig`iga aylangan “Alo” duetini kuylashdi. Ekranda bir qator aktrisalar bilan tayyorlangan qo`shiqqa mos videolavha namoyish qilindi. 

Muxlislarning kayfiyati yanada a`lo darajaga ko`tarildi va bu duetni kutishganini  hayqiriqlar va olqishlari bilan yashira olishmadi. “Habibi” taronasi yangraganda, barcha birgalikda kuyladi va raqsga tusha boshladi. Kompozisiya so`ngida xonanda sahna ortiga yo`l oldi. Sahnada esa bir nechta yosh ijodkorlar ko`rindi va ular xonandaning qo`shiqlaridan parchalar ijro etishdi. 

Sahnada Shahzoda! “To`kilib” qo`shig`i bilan konsertning ikkinchi qismini ochib berdi. Tomoshabinlar kayfiyati a`lo. Ular kutgan va sevgan qo`shiqlari ketma-ket taqdim etilayotganidan mamnun. Shu payt Shahzoda yangi qo`shig`ini ijrosini boshladi. Katta ekran yana aylanib, u erda yoshlarning sevimli guruhi “Ummon” guruhi ko`rindi.

Bu kutilmagan duet tarona ekanini barcha tushunib etdi va olqishlar bilan kutib olishdi. Haqiqatdan ham kutilmagan duet. Biroq bu hali hammasi emas edi. “Ummon” guruhi ekran ortiga kirib ketishdi-yu, ular o`rniga O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rashid Holikov ko`rindi. Barcha birdek sevgan, yosh-u qarini qalbidan joy olgan, yillar o`tsa-da o`z mavqeini saqlab kelayotgan xonanda bilan juda ham chiroyli duet ijro etildi.

Duetlar ketma-ketligi “Ayblama” qo`shig`i bilan davomlandi. Xonanda sahnani tark etdi va raqqos va raqqosalar sharqona raqslarini muxlislarga taqdim etishdi. Katta ekran yana aylandi. Unda butunlay o`zgacha qiyofada, takrorlanmas imijda Shahzoda malikalardek o`tirardi. “Faqat sen” taronasini xuddi shu ko`rinishda yangicha yo`nalishda ijro qildi. Katta ekranda navbatdagi monolog ko`rsatildi va “Xasta” nomli qo`shig`ini kuyladi. Shundan so`ng “Ayrilamiz” va “Baxtli ko`rsam”  qo`shiqlarini o`zgacha yo`nalishda kuylab berdi. “Shunchaki” taronasini ijro etganda hamma birgalikda kuyladi. “Pari” nomli kompozisiya bilan konsertning 3-qismiga yakun yasaldi. Sahnada soyalar raqsi ijro qilindi.

4-qism Benom guruhi bilan birgalikda boshlandi. Ular Dj stoli bilan birgalikda chiqib kelishdi. Ular har doim sevimli bo`lgan  “Kechalar” qo`shig`i kuyladi.

Butun zal birgalikda olqishlashdi. Kutilmagan chiqishlar hammani hayratlantirib qo`ydi. Lekin oldinda yana nimalar kutayotgan ekan degan savol hech kimni chetlab o`tmadi. Dastur sovg`alari hammani konsertga bo`lgan ishtiyoqini yanada oshirdi. So`ng “Dejavyu” qo`shig`ini kuylab berdi. Navbat “Ket” taronasiga ham etib keldi.

Bu jarayon konsertning kulminasion nuqtasiga aylandi. Katta ekran o`girilib unda Shohruh reper ko`ringanda deyarli hamma o`rnidan turib olqishladi. Qo`shiq so`ngida Shahzoda “Sog`inganmidingiz?” -degan savoliga barcha “ha” - deya javob berdi. Va bor ovozda hayqirib, olqishlab xonandani kuzatishdi. Mana bu tuhfa muxlislar uchun sovg`alar ichida eng a`losi bo`ldi.

Mana shunday a`lo kayfiyatda xonanda sahnadan pastga tushib, muxlislar orasida “Chikko” taronasini ijro qildi. Bu payt sahnaga yana bir kichik dekorasiya olib chiqildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!