Yaponlardan pul tejashning 4 qoidasi

14:40, 02 may

Ledi Mail.Ru” nashri muharriri Yulya Arbatskaya yozgi ta`til uchun pul yig`ishni rejalashtirgani sababli yaponlarning Kakebo tizimi bo`yicha sinovdan o`tishga rozi bo`ldi. Sinov qanday yakunlanganini quyida bilib olishingiz mumkin.

Kakebo yapon tilidan tarjima qilinganda “ro`zg`orda pul tejash uchun yuritilgan hisob-kitob daftari” degan ma`noni beradi. Daftarda kirim va chiqim yozuvlari qayd etiladi. Unga pulni tejashga yordam beradigan o`ziga xos qonun-qoidalarga rioya qilgan holda yoziladi. Bu qoidalarni o`rganish uchun bir oy vaqt sarfladim va ajoyib kashfiyotning guvohi bo`ldim. Marhamat ular bilan tanishing.

Birinchi qoida: Bir oylik kirim-chiqimlaringizni belgilab oling

Oyning boshida qancha kirim qilishingizni aniqlab olib, shunga qarab chiqimingizni rejalashtiring. Bu sizning qancha pul tejay olishingiz mumkinligidan darak beradi. Bu ish ro`zg`orda hisob-kitob ishlarini yuritmagan odam uchun qiyinchilik tug`dirishi mumkin. Shuning uchun bu tizim chiqimlarni majburiy (masalan, ro`zg`or, transport, oziq-ovqat, kiyim, sog`lik va telefon) va qo`shimcha (ko`ngilochar joylarga borish, o`qish, go`zallik) ga bo`lishni talab qiladi. 

Odamni zeriktiradigan hisob-kitobdan keyin oyligimning to`rtdan bir qismini tejashim mumkinligini anglagach, quvonchdan boshim ko`kka etdi. Tejalgan pulga bir qancha zamonaviy kiyimlar yoki basseynga borish uchun abonement sotib olishim mumkin. Yoki bo`lmasa teatrga borib, sevimli spektaklimni tomosha qilishim mumkin.

Ikkinchi qoida: Qancha pulni tejashni istasangiz, uning miqdorini aniqlab olib, shu maqsad sari intiling

Kakebo tizimi har oyda pulni nima uchun va qanday maqsadda tejayotganingizni, pul tejayman deb qanday qurbonliklar qilayotganingizni aniqlashni tavsiya qiladi. Sayohatga chiqishni rejalashtirganim tufayli, o`yin-kulgi uchun sarflanadigan har qanday chiqimni kamaytirishga tayyor edim. Oldingizga qo`yilgan maqsad do`stlaringiz bilan qahvaxonalarda o`tirishingizga chek qo`ysa-da, sayohatga chiqish fikri har qanday ko`ngilxiralikni yuvib ketadi va bir olam quvonch keltiradi. Kinoni kinoteatrda katta ekranda emas, uyda televizorda ham ko`rsa bo`laveradi. Dugonalar bilan ham aynan qahvaxonada emas, uy sharoitida uchrashsa hech nima bo`lmaydi. Bo`sh vaqtni tekindan-tekin xiyobonda sayr qilib, toza havodan nafas olib, quyosh narlaridan bahramand bo`lib, o`tkazish ham mumkin.

Uchinchi qoida: Kundalik chiqimlarni yozib boring

Bu sizning pulni nimalarga sarflayotganingizni anglashingiz uchun kerak bo`ladi. Chunki gapirish oson, uni amalga oshirish qiyin vazifadir. Kundalik chiqimni hisoblash dunyodagi eng zerikarli mashg`ulotlardan biridir. Kundalik xaridlarimning chekini kechqurun daftarimga yozib qo`yish uchun yig`ib qo`ydim, ammo cheklarni daftarga ko`chirish haftaning oxiriga qolib ketdi. Keyin esa kirimlarim bilan chiqimlarim bir-biriga to`g`ri kelmay qoldi, chunki yo`l-yo`lakay suv, pista sotib olib, cheksiz ham ko`p xaridlarni amalga oshirgan edim. 

Nihoyat har bir arzimagan xaridni ham darhol daftarga yozishim lozimligini angladim. Ichgan bir stakan qahvamni ham, ertalabki nonushtaga sotib olgan narsalarimni ham yoza boshladim. Kakebo daftarini ko`tarib yurish noqulaylik tug`dirgani bois, qaydlarni telefonim bloknotiga yoza boshladim.

Sinov muallifi Motoko Xani XX asr boshlarida yashaganligi sababli o`zi bilan qog`oz, ruchka ko`tarib yurishga majbur bo`lgan, ammo qo`limdagi texnik taraqqiyot mevasi bo`lmish gadjet meni bunday muammodan xalos etganligi tufayli, barcha yozuvlarni unga ko`chirdim.

Ikki haftalik hisob-kitob ishlaridan keyin chiqimlarimni ko`rib, tepa sochim tikka bo`ldi. Maoshimning asosiy qismini dugonalarim bilan qahvaxonalarda ovqatlanish uchun ketkazar ekanman. Agar pul tejashni istasam, har qancha arzon bo`lmasin, qahvaxonalarda kamroq ovqatlanishim kerakligini angladim.

To`rtinchi qoida: Har oyning va haftaning oxirida chiqimlar hisobotini ko`zdan kechiring 

Bu narsa kirim va chiqim o`rtasidagi farqni bilishga, kuzatishga yordam beradi. Qo`llanmada bundan tashqari quyidagi sizni nazorat qiluvchi va ilhomlantiruvchi savollar ham berilgan:

•  Maqsadingizga erisha oldingizmi?
•  Va`dangizning ustidan chiqoldingizmi?
•  Oy boshidan beri tejagan pullaringizni yig`a oldingizmi?

Oy oxirida bu savollarning barchasiga inkor javobini berdim. Chunki o`tgan bir oy mobaynida men nimalarga ortiqcha pul sarflayotganimni aniqlab olgandim. Pulni behuda ko`kka sovuradigan isrofgar ekanligimni, ammo pulni qanday qilib tejash mumkinligini yaxshi bilib olgandim. Agar 3 oy mobaynida pul tejasam, orzuimdagi sayohatga bemalol borishim mumkin. Buning uchun och qolib, barcha xohishlarimdan voz kechishim shart emas. Tejalgan pullar esa men uchun kutilmagan sovg`a vazifasini o`taydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!