Toshkent shahar hokimligi: “O`lmas polk” aksiyasi rejalashtirilayotgan tadbirlar ro`yxatida mavjud emas

09:37, 03 may

9 mayning   “Xotira va qadrlash kuni”  sifatida nishonlanishida katta ramziy ma`no bor. Ushbu sana nafaqat yurt tinchligi, balki butun dunyoda tinchlik va barqarorlik ishiga hissa qo`shgan minglab vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish bilan birga, mehr va muruvvatga muhtoj bo`lgan kishilarni yo`qlab qo`yish, ularning yolg`iz emasligi, doimo e`tiborda ekanligini yana bir bor his etishlarini ta`minlash kuni sifatida qalbimizdan joy olgan sanadir.

Shu ma`noda,  ushbu kunni munosib o`tkazish yuzasidan poytaxt hokimligi ham bir qator tadbirlarni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Jumladan, har bir tuman hokimligi o`z hududida ushbu sanani munosib nishonlash bo`yicha aniq tadbirlarni belgilab olgan.

Joriy yilning 15 aprelidan 15 mayigacha davom etadigan tadbirlardan 1941-1945 yillardagi urush ishtirokchilarining uylariga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olish, ularga sovg`alar ulashish, uy-joy sharoitlarini o`rganib, zarur choralar ko`rish, bayram bilan qutlash  ishlari alohida o`rin olgan. Joylarda madaniyat, san`at va sport, adabiyot sohalarining dongdor vakillari ishtirokida uchrashuvlar, konsert dasturlari tashkil etiladi.  

Har yili ta`lim muassasalarida o`tkaziladigan “Avlodlar uchrashuvi”, “E`zoz”, “Ehtirom” kabi tadbirlarga joriy yilda “Tinchlik darsi” qo`shiladi. Ushbu darslarda ijodkorlar tomonidan tayyorlangan “Tinchlik – ulug` ne`mat” deb nomlangan hujjatli film namoyishi, tinchlikning qadriga etish, uni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekanligi mavzusidagi qiziqarli ma`ruzalar talaba va o`quvchi yoshlar e`tiboriga havola qilinadi.

Ayni yoshlarning urush faxriylari, front ortida mehnat qilgan nuroniy otaxon va onaxonlar huzuriga tashrif buyurib, bir tomondan, ularning holidan xabar olishlari, ikkinchi tomondan, ularning xotiralaridan bahramad bo`lishlariga qaratilgan “Tabrik” tadbirlari bu kunlarning qadriga etishda yosh avlod qalbida katta o`rin tutishi shubhasiz.

Talaba va o`quvchi yoshlarning “Xotira va qadrlash maydoni”, O`zbekiston davlat tarixi muzeyi, Qurolli kuchlar muzeyi hamda “Shahidlar xotirasi” maydonlariga  mo`ljallanayotgan sayohatlari ham ayni shu maqsadga xizmat qilishi shubhasiz.

“Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Mustaqillik maydoni”ning Xotira majmuasida rasmiy tadbirlarning bo`lib o`tishi kutilmoqda.

Har bir mamlakat 9-may sanasini o`ziga xos tarzda nishonlaydi. O`zbekiston xalqi bu kunni tinchlik uchun, shu dorilomon kunlar uchun kurashganlar, bu yo`lda o`z jonini fido etganlar xotirasiga ehtirom ko`rsatish bilan birga, nafaqat mehr-muruvvatga muhtoj, balki har bir yurtdosh, vatandoshining qadr-qimmati, hurmatini joyiga qo`yishdek maqsadni o`zida mujassam etgan tabarruk kun sifatida nishonlaydi. Bu xalqimizning boshqalarga o`xshamaydigan, o`ziga xos va betakror xislatlarining yana bir namoyishi bo`lsa, ajabmas.

Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmatining ma`lumotlariga ko`ra, ba`zi internet saytlarida  nazarda tutilayotgan “O`lmas polk” (“Bessmertny polk”) aksiyasi  rejalashtirilayotgan tadbirlar ro`yxatida mavjud emas.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!