90 yoshli qirolicha nabirasi Uilyam foydasiga taxtdan voz kechadimi?

10:30, 03 may

Buyuk Britaniya va Shimoliy  Irlandiya birlashgan qirolligi sayyoramizdagi eng nufuzli hukmron sulolalardan sanaladi. Ayni paytda mamlakat qirolichasi Er yuzidagi eng keksa monarx, eng uzoq muddat taxt tepasida turgan monarx, ayni paytga qadar iste`foga chiqmagan ikkinchi Jahon urushi ishtirokchisi sifatida rekord o`rnatib kelmoqda. 

1952 yildan beri Britaniya tojini boshidan qo`ymay kelayotgan Elizaveta Ikkinchi yaqinda 90 yoshni qarshi oladi. Vindzorlar sulolasining hukmron vakili sanalgan Elizaveta Ikkinchi Britaniya hamdo`stligining ham rahbari sanaladi. Britaniya qonunlariga ko`ra, qirolichadan so`ng taxt uning katta o`g`li shahzoda Charlzga qolishi lozim. 68 yoshli shahzoda qirol maqomini olishi uchun esa, qirolicha vafot etishi yoki o`z roziligi bilan taxtdan voz kechishi kerak bo`ladi. 

Keyingi paytlarda internet tarmog`ida qirolichaning taxtdan voz kechishi haqidagi shov-shuvlar yana jonlanib qoldi. Bu galgi shov-shuvlarga ishonadigan bo`lsak, qirolicha taxtni o`g`li Charlzga emas, balki shajara bo`yicha keyingi taxt vorisi shahzoda Uilyamga qoldirmoqchi.

Eslatib o`tamiz, Uilyam 1982 yil 21 iyunda shahzoda Charlz va malika Diananing oilasida tavallud topgan. 2010 yilda sevgilisi Keyt Middlton bilan oila qurgan. Ayni paytda ularning Jorj va Sharlotta ismlari farzandlari bor. Qonun bo`yicha shahzoda Uilyam otasidan so`ng taxtga o`tirishi mumkin bo`lgan valiahd sanaladi. Ma`lumotlarga qaraganda, ayni paytda mamlakatda  shahzoda Uilyam va Keyt Middltonning nufuzi otasi va o`gay onasi Kamilla Parker Boullznikiga  qaraganda ancha yuqori. 

Ma`lumki, shahzoda Charlz o`zining marhum rafiqasi Diana Spenser bilan 1980 yilda tanishib, oradan bir yil o`tib, oila qurishgan. Bu nikohdan ularning ikki o`g`li Uilyam va Garri dunyoga kelgandi. Biroq, oradan ko`p o`tmay er-xotin orasiga sovuqlik tushadi. 1992 yildan boshlab ular alohida yashay boshlashadi, 1996 yilda esa, butunlay ajrashishadi. 1997 yil 31 avgustda, parijda  malika Diana va arab milliarderining o`g`li Dodi al-Fayyod bilan birga avtohalokatga uchraydi. Malika o`z vaqtida shifoxonaga etkazilganiga qaramay, vafot etadi. 

2005 yilda shahzoda Charlz o`zining sobiq sevgilisi (Dianaga uyganguniga qadar) Kamilla Parker Boullz bilan oila quradi. Ayni paytga qadar ularning nikohidan farzand dunyoga kelmagan.

Qirolicha o`g`lining malika Dianaga uylanishiga qarshi bo`lganidek, uning ikkinchi nikohiga ham unchalik ro`yxushlik bermagandi. O`z navbatida nabirasi Uilyam va Keytning nikohiga ham dastavval qarshi chiqqan. Keytning axloqi, ommaga o`ta ochiq kiyimlarda ko`rinish berishi bir necha bor “zoti oliyalari”ning g`azabiga sabab bo`lgan. Shunga qaramay, yosh oila olti yildan beri ahil va baxtli yashab kelishmoqda. Darvoqe ular yaqinda  Hindiston va Butan davlatlari bo`ylab sayohatdan qaytib kelishdi. 

Xo`sh, nima sababdan qirolicha taxtni nabirasiga qoldirmoqchi? Aslida qirolicha bir necha yildirki taxtdan voz kechishi haqda bot-bot gapirib keladi. Biroq, u hamon dunyodagi eng mashhur va qudratli qirollikning rahbari sifatida mamlakatni boshqarmoqda. 

Amerikaning mashhur Globe jurnali Bukingem saroyidagi norasmiy manbalarga tayanib, ma`lumot berishicha, qirolicha Elizaveta II o`z yordamchilariga mazkur qarorini amalga oshirish uchun tegishli hujjatlar to`plash haqida ko`rsatma bergan. Ammo, Bukingem saroyining rasmiy manbalarida hozircha bu xususda aniq ma`lumot yo`q. Gap-so`zlarga qaraganda, qirolicha o`zini nabirasi oldida hamon aybdor sezadi va shahzoda Uilyamning toj kiyish marosimi uning onasi avtohalokatga uchragan kuni, aniqrog`i 2016 yilning 31 avgustida o`tkazilishi mumkin.

Manbalarning shahodatiga ko`ra, qirolicha bu haqda shaxsan Uilyam va Keytga ularning Hindistonga safar qilishlaridan oldinroq ma`lum qilgan. 

“Shahzoda Uilyam va gersoginya Keyt Midlton bu yangilikdan o`zlarini yo`qotib qo`yishgan. Ular hali bu voqeaga tayyor emasliklarini bildirishgan. Ular hozir asosiy vaqtlarini farzandlar tarbiyasiga qaratishlari lozim, shu bois davlat ishlari bilan shug`ullanish uchun ularning vaqti ham, imkoniyati ham yo`q. Ammo, qirolicha o`z fikrida qat`iy turib oladigan bo`lsa, ular ham bu qarorga hurmat ila bosh egishdan boshqa chora topolmaydilar” deb yozadi mazkur jurnal muallifi.

Mishmishlarga ko`ra, qirolicha to`ng`ich o`g`li va uning rafiqasi bilan bog`liq turli gap-so`zlar, mojarolardan charchagan. Qolaversa, u o`g`li Charlzning siyosiy iqtidorini to`laqonli deb bilmaydi va uning timsolida haqiqiy qirolni ko`rolmasligini bir necha bor oshkor etgan. Qirolichaning fikricha mamlakatni kuchli, irodali, o`ziga ishonadigan inson boshqarishi lozim. 

Qirolichaning bu taxlit keskin qaror chiqarishiga o`g`li va kelini bilan bog`liq yangi mojaroning yuzaga kelishi sabab bo`lgan. Xabarlarga ko`ra, joriy yil aprel oyining boshlarida avstraliyalik tadbirkor Saymon Dorante-Dey o`zini  Charlz va Kamillaning nikohsiz tug`ilgan o`g`li deb e`lon qiladi. Dorante o`zining 50 yoshlik yubileyi asnosida boqib olgan buvisi va buvisi bir paytlar Bukingem saroyida ishlagani, ellik yil ilgari qirolicha va uning turmush o`rtog`i Filipp ularga yashirincha  yangi tug`ilgan chaqaloqni tarbiyalab voyaga etkazish uchun topshirganini ma`lum qilgan. “Ana shu o`sha chaqaloq hozir qarshingizda turibdi” deya tantanavor e`lon qilgandi Saymon.  Bu fikrini isbotlatish uchun qirollik oilasi vakillari – Charlz va Kamilladan DNK tekshiruvchidan o`tishlarini talab qiladi. 

Har qalay Qirolicha uchun har xil shubhali shaxslarning “chetdan kelib to`rga da`vo qilishi” tashvish uyg`otgan, shu bois taxtni tinchgina “egasi”ga topshirib qo`yishga qaror qilgan bo`lishi mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!