Soch parvarishi haqidagi 8 xato fikr

11:05, 03 may

Biz ayollar imkon qadar sochlarimizga ko`proq e`tibor berishga va ularni yanada sog`lomlashtirishga intilamiz. Afsuski, aksariyat hollarda sochlarimiz ustida o`tkazgan yangi tajribalar foydaga emas, zarariga ishlaydi.  

1-xato fikr: Fen sochlarga zarar

Ko`pchilik fen sochlarga zararli ekanligini, yaxshisi ularni tabiiy yo`l bilan quritgan ma`qul, degan fikrni ko`pchilik ilgari suradi. 

Agar sochingiz juda kalta bo`lsagina, uni tabiiy yo`l bilan quritishingiz mumkin. 

Mabodo sochingiz uzun bo`lib,yuvgandan keyin uni quritmasangiz, soch tukiga yopishgan suv molekulasi soch tuzilishidagi proteinlarni siqib chiqaradi va natijada soch sinuvchan, quruq, tussiz bo`lib qoladi. Buning oldini olish uchun sochni fenda past haroratda quritish lozim.   

2-xato fikr: Qazg`oq — bosh terisining qurib qolganligidan darak beradi

Aksincha, qazg`oq yog` bezlarining keragidan ortiq ishlayotganidan darak beradi.  Soch uchun mo`ljallangan yog`li vositalardan foydalanish qazg`oq kelib chiqishiga sabab bo`ladi. Mabodo boshingizda qazg`oq paydo bo`lsa, sochingizga qazg`oqqa qarshi tayyorlangan yuvish vositalari bilan yuving, yog`li shampunlardan voz keching!

3-xato fikr: Sochni tez-tez kaltalatsang, tezroq o`sadi

Sochning tezroq o`sishi follikullarning faolligiga bog`liq. Sochning uch qismini tez-tez kesib turish, hujayralar bo`linishiga mutlaqo ta`sir qilmaydi. Sochning uchini kaltalatmasangiz, u xunuk ko`rinishga ega bo`lishini hisobga olib, shuning uchungina sartarosh huzuriga borishingiz mumkin.

4-xato fikr: Stressdan soch oqaradi

Sochda oq tolalarning paydo bo`lishi stressga emas, genetikaga bog`liq. Agar ota-onangiz keksayganda ham sochiga oq tushmagan bo`lsa, sizda ham xuddi shunday bo`ladi. Soch oqarishiga inson organizmidagi melanin moddasi sabab bo`ladi. Insonning yoshi o`tgan sari organizmida melanin moddasining kamayib borishi natijasida sochga oq tushadi, buning stressga aloqasi yo`q.

5-xato fikr: Sochni doim turmaklab yurish, uning to`kilishiga olib keladi

Bu afsonada bir foiz bo`lsa ham haqiqat mavjud, agar sochingizni balerinalarga o`xshab, silliq qilib, tortib turmaklaydigan bo`lsangiz u rostdan ham to`kilishi mumkin. Uni engilgina turmaklash yoki o`rib qo`yish hech qachon to`kilishiga sabab bo`lmaydi.

6-xato fikr: Sochni yuvib bo`lgandan keyin uning “kutikulasini yopish” uchun sovuq suvda chayqash lozim

Suv harorati issiq va sovuqni his qiladigan tirik hujayralarga ta`sir qiladi. Soch esa to`liq o`lik hujayralardan tashkil topgan bo`lib, unga suvning harorati aslo sezilmaydi.

7-xato fikr: Soch sog`lom bo`lishi uchun uni tez-tez tarab turish kerak

Sochni tez-tez tarash uning tez kirlanishiga va ishqalayvergandan elektrlashishiga olib keladi. Shunday ekan, uni hadeb tarayvermang! Bir kunda ikki marotaba ertalab va kechqurun uyqu oldidan tarab qo`ysangiz olam guliston! Mabodo kunduzi biror tantanaga boradigan bo`lsangiz, sochni tarab, turmaklash bundan mustasno.

8-xato fikr: Shampunni har uch oyda o`zgartirib turish kerak

Yuqorida aytib o`tganimizdek, soch o`lik hujayralardan tashkil topgan. Soch har qanday yuvish vositasiga o`rganadi. Shampun almashtirishga faqatgina sochning holatigina sabab bo`lishi mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!