Toshkentda OAV Davlat organlarining ochiqlikni ta`minlashning muhim omili mavzuida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi

16:18, 03 may

Poytaxtimizda 3 may kuni “Ommaviy axborot vositalari jamoatchilik bilan muloqotni hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta`minlashning muhim omili sifatida” mavzuida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi.

Tadbir O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha parlament komissiyasi, EXHT, YuNESKO va Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg`armasining mamlakatimizdagi vakolatxonalari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Unda deputatlar, ommaviy axborot vositalari rahbarlari, vazirliklar, idoralar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. 

Anjumanda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining zamonaviy asosda faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani, davlat tashkilotlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o`rtasida samarali jamoatchilik muloqotini shakllantirishda OAVning roli va ahamiyati tobora oshib borayotgani, sohada xalqaro hamkorlik rivojlanayotgani qayd etildi.

Mamlakatimizda soha xodimlarining jahon jurnalistikasining ilg`or ish uslublari va yutuqlarini o`rganishiga katta e`tibor qaratilmoqda. Jahonning etakchi mediakompaniyalari jurnalist va mutaxassislari ishtirokida o`quv-treninglar, seminarlar o`tkazilmoqda. Har yili ko`plab jurnalistlar xorijiy mamlakatlarda malaka oshirib qaytmoqda. 

Konferensiyada davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va liberallashtirish, so`z va axborot erkinligini, davlat boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini, OAVning iqtisodiy mustaqilligini ta`minlash, jamoatchilik fikrini o`rganishning yangicha usul va texnologiyalarini rivojlantirish, aholi xabardorligini yanada oshirishda davlat organlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi va bu borada xorijiy davlatlar tajribasiga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashildi, ma`ruzalar tinglandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!