Buyuk va mashhur ayollarning fojiali qismati

12:31, 04 may

“Lady.mail.ru” nashri XX asrda yashab, ijod qilgan va taqdiri fojiali yakun topgan ayollar hayoti haqida hikoya qiladi.

Merilin Monro

Normaning onasi Jin Beyker hali mashhur yulduz bola ekanligidayoq ruhiy kasalxonaga tushgan edi. Qizcha qarindosh-urug`larining uyi-yu, bir qancha etimxonalarni ko`rdi. U 16 yoshga to`lganda majburan turmushga uzatishadi. Uni butun dunyo tan olib, muxlislarga, oshiqlarga ega bo`lsa-da,  o`zini juda yolg`iz his qilardi. Farzand ko`rishni juda istasa-da, kelajakda onasi kabi jinni bo`lib qolishdan qo`rqib, bu orzusini amalga oshirolmadi. Aktrisa sirli ravishda vafot etgan. Uning jasadini uyida, qo`lida telefon go`shagini tutgan holda, yonidan uyqu dorisi bilan topishgan. 

Anna Axmatova

Anna Axmatovaning yaqinlari repressiya qurbonlari bo`lgan. Uning birinchi turmush o`rtog`i Nikolay Gumilevni otishga hukm qilishgan, ikkinchisi esa lagerda halok bo`lgan. Taqdir uning o`g`liga ham achchiq qismatni tayyorlab qo`ygan edi. O`g`li 10 yildan ortiq qamoqda yotgan. Anna Stalinga o`g`lini ozod etishni so`rab, xat yozgan, ammo uning maktubi javobsiz qolgan.

Viven Li

Nikoh, oila Vivenning hayotida katta rol o`ynagan. Turmush o`rtog`i, aktyor Lourens Olive rafiqasining muvaffaqiyatidan jahli chiqar, uni huda-behudaga rashk qilardi. Hatto bir marta rafiqasining “Oskar” mukofotini derazadan otib yuborgan. “Shamollarda qolgan hislarim” filmidagi ijrosi uning boshiga kulfat keltirdi. U manikal depressiyaga chalinib, 1945 yilda sil kasalligini orttirib oldi. Viven Li asabiy tutqanoqdan azob chekar, ba`zan erini ham tanimaydigan darajaga etardi. U ruhiy kasalxonada davolanadi. Turmush o`rtog`i Vivenning bunday hayotiga ko`nikolmadi, boshqa ayolga uylanish uchun ajrashishga qaror qildi. Ajrimdan etti yil o`tgach, Viven navbatdagi xurujlardan birida olamdan o`tadi. 

Marina Svetaeva

Fuqarolar urushidan keyin shoira turmush o`rtog`i Sergey Efron bilan muhojirlikda yashaydi. Efronning Sovet Ittifoqi bilan aloqada bo`lganligi uchun uning yozganlari chop etilmaydi. Marina Svetaevaning oilasi ochlikdan halok bo`lishiga bir bahya qoladi. Shundan keyin u oilasi bilan vataniga qaytib keladi. Ammo uni vatanida dahshatli xabar kutib turardi. Opasi qamoqda yotar, qizi esa surgun qilingan edi. Svetaevaning turmush o`rtog`i Sergey Efronni kommunistlar otib tashlaydi. Marina Svetaeva 1941 yilda o`zini osib qo`yadi. 

Frida Kalo

Mashhur rassom 6 yoshligida poliomielit kasalligini boshdan kechiradi, shu tufayli uning bir oyog`i ikkinchisidan ko`ra ingichka bo`lib qoladi. 18 yoshga to`lganda esa dahshatli avtohalokatga uchraydi. Halokat natijasida umurtqasi, kuragi, qovurg`asi, tos suyagi, o`ng oyog`i sinadi, qorniga temir kirib ketadi. Bu jarohatlar uni to`shakka mixlab qo`yadi. Sog`ligining yomonligi tufayli u bir umr azob chekadi. Unga jismoniy og`riqlar kamlik qilgandek, ruhiy azoblari ham etarli edi. Frido farzand ko`rish baxtidan mosuvo bo`lgan, turmush o`rtog`i esa xiyonat qilishdan charchamasdi. U eridan ajrashishga qaror qiladi. Ammo ma`lum vaqt o`tgach, bir-birisiz yashay olmasliklarini tushunib etishadi. Buyuk rassom o`pka shamollashidan vafot etadi. 

Greys Kelli

O`z davrining mashhur aktrisalaridan biri bo`lmish Greys Kelli Monako knyaziga bo`lgan muhabbati tufayli karerasidan voz kechadi. Monarxning qarindoshlari uning aktrisalikni yig`ishtirib, oila va farzandlar bilan shug`ullanishini talab qilishadi. Greysga saroy, dabdaba baxt keltirmaydi. U o`zini oltin qafasda o`tirgan qushday his qiladi. Turmush o`rtog`i Rene odamovi bo`lib, uning ustidan kular, mashhurligini ko`rarga ko`zi yo`q edi. Greysning xayriya ishlari bilan shug`ullanishi ham uning g`azabini keltirardi. Uning farzandlari ham erka va tantiq bo`lib voyaga etishadi. Greys ilgarigi aktrisalik hayotiga qaytishni istaydi. Ammo hammasi fojiali yakun topadi, Greys avtomobil boshqarib ketayotganda yuragi xuruj qiladi va ertasi kuni gospitalda vafot etadi.

Regina Zbarskaya

Podium malikasi bo`lgan Regina Zbarskaya juda sirli ayol edi. U butun borlig`i bilan turmush o`rtog`i, rassom Lev Zbarskiyga sodiq bo`lgan. Regina farzand ko`rish istagida homilador bo`lgan, Lev Zbarskiy bolani abort qilishga majbur qiladi. Shundan keyin o`zini gunohkor his qilgan Regina turli antidepressant dorilarni ichib yuradi. Ammo uning bunday qurbonligi qadriga etmagan turmush o`rtog`i boshqa ayolga uylanib ketadi. Reginaning ruhiy ahvoli borgan sari yomonlashib boradi, u turmush o`rtog`ini qaytarishga harakat qiladi, ammo sermuhabbat eri AQShga ko`chib ketadi. Shunda u Levni batamom yo`qotganligini his qilib, tomirini kesadi va ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tushadi. Uzoq vaqt samarasiz davolanishdan so`ng u yana podiumga qaytishni istaydi, ammo uning bu orzusi amalga oshmagach, u yana joniga qasd qiladi. Regina Zbarskaya ruhiy kasalliklar shifoxonasida uyqu dori ichib, vafot etadi.

Margarita Nazarova

Margarita Nazarova turmush o`rtog`i Konstantin Kostantinovskiy bilan butun hayotini yo`lbarslarni qo`lga o`rgatishga bag`ishlagan. Ammo aynan shu qiziqish erining halok bo`lishiga sabab bo`lgan. Navbatdagi mashqlardan birida yo`lbars hamlasi tufayli Konstantin Kostantinovskiy halok bo`ladi. Margarita bunday azobni ko`tarishga o`zida kuch topa olmaydi. Bunday ruhiy zarbaga dosh berolmagan margarita sirkni tashlab ketadi. Uning o`g`li voyaga etgach, chet elga ko`chib ketadi. Margarita umrining oxirigacha hech kimdan yordam so`ramay, ochlik va qashshoqlikda umr kechirib, vafot etgan.

Jaklin Kennedi

Jurnalist, AQShning birinchi xonimi bo`lmish Jaklin nikohda baxtsiz edi. Uni erining qarindosh-urug`lari yoqtirmasdi. Jaklinning birinchi farzandi o`lik tug`iladi, ikkinchisi esa tug`ilgandan ikki kun o`tib, vafot etadi, eri unga xiyonat qilishdan charchamaydi. Prezidentning ideal rafiqasi obrazini yaratish unga oson bo`lmagan. Turmush o`rtog`i Jon Kennedini ko`zining oldida otib o`ldirishganda, qon sachragan pushti kostyumini anchagacha egnidan tushirmay, dunyo ahli nazarida haqiqiy kuchli ayol timsolini yarata oldi. U prezident vafot etgandan besh yil o`tib, grek biznesmeni Aristotel Onassisga turmushga chiqadi. Ammo ikkinchi eri bilan ham baxtli hayot kechirish unga nasib etmaydi. Jaklin 90 yoshida saraton kasalligidan vafot etgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!