Zarafshondagi qamoqxonada saqlanayotgan “hizb ut-taxrir”chining oilasiga pushaymonlik maktubi

15:18, 05 may

“Assalomu alaykum, hurmatli gazetxonlar. Men «Hizb ut-Taxrir» diniy ekstremistik oqimida faoliyat olib borganim uchun

2004 yilda 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va ayni paytda Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida jazo muddatini o`tayotgan, 1966 yilda Toshkent shahrining Olmazor tumanida tug`ilgan  Rashidov Botirjon Xamidovich bo`laman. 

Yaqinda ahvolimdan xabar olish uchun kelgan rafiqam Muxlisaxonning qo`lidagi «Darakchi» gazetasining 2016 yil 25 fevralda chop etilgan sonida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidan bo`lgan «Abdullo» ismli yigitning armonga to`la gaplarini, zada yuragidan to`kilgan dardlarini o`qidim. 

«Abdullo» «Hizb ut-Taxrir» oqimiga a`zosi bo`lgan otasining oilasi boshiga solgan kulfatlari haqida yig`lab-yig`lab yozibdi. To`g`risi, shularni o`qiganimda men ham yig`ladim. Dod solib, chin qalbimdan, pushaymonlikdan yig`ladim. Sababi, shu kungacha mening ham «Abdullo»ning otasidan farqim yo`q edi. Afsuski, mening ham jigarlarim uning oila a`zolari kabi xoru-zor bo`lishayotgani, so`zida aytmasada yurak-yuragidan meni qarg`ab yashayotganini tushundim. 

Axir men ota bo`lib nima qildim? Farzandlarimni vatan xoinining o`g`il-qiziga aylantirib, menga baxt ulashgan rafiqam Muxlisaxonni -  tunu-kun, issiq-sovuqni o`ylamay  meni bir daqiqa bo`lsada ko`rish uchun yonimga oshiqadigan, tirikchilik ilinjida o`zini o`tga-cho`qqa urib topganini menga tashiydigan  jufti halolimning  mungli nigohidagi dardni,  qalbidagi azobni nahotki tushunib eta olmadim? Har gal meni ko`rish uchun kelgan Muxlisamning barmoqlarida ertayu kech  ko`rpa-yostiq tikkanidan  paydo bo`lgan qadoqlarni ko`rib, uning kelinligidagi yumshoq qo`llaridan asar ham qolmaganidan  nega o`zimga xulosa chiqarmadim?

Gullolabegim, Zaxrobegim, Ominaxon qizlarimni va Abdulaziz o`g`limni hech kimdan kam qilib tarbiyalash qo`limdan kelar edi-ku? Afsuski qamalib ham aqlim kirmadi: ularni risoladagidek tarbiyalash o`rniga, majburlab xijobga kiritdim, ko`cha-kuyga chiqishlariga, institutlarda o`qishlariga qarshilik qildim. 

Polapondek qizim Gullolabegim onasi bilan meni ko`rish uchun kelib, shifokor bo`lishini aytganida, uni bu yo`ldan qaytarish uchun yuziga tarsaki tushirib, uning ko`z yoshlarini to`kkanim va uning nafratiga duchor bo`lganim hech xayolimdan ketmayapdi. Shu ham insonning ishimi? 

Afsus qalb ko`zlarim ko`r bo`lganini tushunib etganimda juda ham kech bo`ldi. Shu darajada ham tuban bo`lamanmi, a? Nahot meni dunyoga kelishimga ota sabab bo`lgan? Nahot meni ona tuqqan? Nahot opa-singillarim bilan birga katta bo`ldim? 

Onajon, meni «o`g`lim» demang. Men farzandlikka mutlaqo nomunosibman. Opajon, singiljon, meni «qondoshim» demang. Men ukalikka umuman noloyiqman.

Meni kutib ko`zlari ko`r bo`lgan onamga ko`zlarimni bergim kelyapti. Otajonim bir vaqtlar Olmazor tumanidagi  eng ko`zga ko`ringan matematika o`qituvchisi edilar. Otamning meni deb mahalla kuyda, do`stlari orasida sharmanda bo`lgani va bu dardni ko`tarolmay  vafot etganini nahotki o`z vaqtida anglamadim? Loaqal otamni so`nggi yo`lga kuzata olmagan bo`lsam…

Mehribonim Muxlisaxon, meni yorim demang, sizning oqargan bir tola sochingizga, yuzingizdagi kulgich o`rnini qoplagan bir dona ajinga arzimayman. Menga ota deb murojaat qilmang, go`zal qizlarim! Sizlar chekkan azoblarning bir laxzasiga ham arzimayman. Ota bo`lib, qo`lingizdan bir marta bo`lsa-da tutib, birorta harfini o`rgata olmagan, peshana terim bilan topgan maoshimdan tug`ilgan kunlaringda sovg`a olib berolmagan, noloyiq, qalbi ko`r otalaringni kechiringlar. 

Qaniydi, bularning barchasi qo`rqinchli tush bo`lsa-yu, uyg`onganimda navqiron davrimga qaytib,  hammasini o`zgartira olsam. Ota-onam orzu qilgan o`g`il, bir baxtli oilaning baxtli otasi bo`lsam. Ana shunday pushaymonlar tunu-kun xalovat bermaydi, xatolarim ich-etimni kalamushdek kemirmoqda.  

Shu kungacha, nega men ozodlikdan mahrum etildim, axir men xech narsa qilmadim-ku degan savolni o`zimga berib, vijdonimni aldab, yaqinlarimni tiriklayin go`rga tiqqanimni endi tushunib etdim.

Nodonligim tufayli ana shunday saodatli jamiyatning bekamu ko`st fuqarolari qatoriga qo`shilmaganimdan afsus chekaman. Axir, menda ham baxtli insonlar safida bo`lish uchun etarlicha imkon bor edi-ku? Ammo, yorug`lik, asl hidoyat o`rniga, «Hizb ut-Tahrir» degan o`lat, oxiri jarlikka qulatadigan qing`ir so`qmoq domiga tushib o`tiribman. 

Asl maqsadi Islom dinimizni qo`g`irchoq qilib, musulmonni musulmonga dushman qilgan «xizbchilar», men singari padarkushlarni yaratdi xolos. Ezgulik dini bo`lgan Islom men va menga o`xshagan vatanfurush «taxrirchi»lar ta`sirida xor bo`lganini tushunib etganimda oilamdan, bolalarimdan, ota-onamdan ajralib qoldim. Yaqinlarimning, qolaversa mening ta`sirimda «xizb»ga a`zo bo`lgan navqiron yigitlarning nafratiga duchor bo`ldim. Axir ularning ham farzandlari shu azoblarga giriftor  bo`layotganini nahotki anglamadim?

«Hizb ut-Taxrir» yo`lini to`g`ri deb bilib, 12 yildan ortiq vaqt davomida haq yo`ldaman deb, butun borlig`imdan ayrilganimni kech tushunib etdim, aldanganimni, «xizb»ni deb butun hayotim barbod bo`lganini  tushundim. 

«Hizb ut-Taxrir»! Meni va farzandlarimni xo`rlaganing, oilamni barbod qilganliging uchun sendan nafratlanaman! Senga ergashganlarni  Alloh o`zi jazolasin. 

Qilgan gunohlarim uchun har kuni farzandlarimdan kechirim so`rayman, farzandlarimga otalik qilib, ularni himoya qilayotgan yurtimdan kechirim so`rayman. «Abdullo»,  ukajon, biz befahm «xizbchi»larni kechiring.

Azizam Muxlisaxon, jigarbandlarim  Gullolabegim, Zaxrobegim, Ominaxon, o`g`lim Abdulaziz, men albatta ozod bo`laman.

Sizlarni yurak-yurakdan ardoqlovchi dadangiz Botirjon”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!