O`zbekistonda Fuqarolar yig`inlari saylovi boshlandi

12:09, 06 may

O`zbekistonda 5 maydan fuqarolar yig`inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi boshlandi. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq fuqarolar yig`inlari raislari va ular maslahatchilarining navbatdagi saylovini o`tkazish muddati 2016 yilning may-iyun oylari etib belgilangan. Bo`lajak saylovda 9 ming 764 fuqarolar yig`ini raisi va ularning 99 mingdan ziyod maslahatchisi saylanadi. 

Saylov jarayonida fuqarolar o`zlari tanlagan, munosib nomzodga ovoz beradi. 

Yig`ilishga raislik qiluvchi ko`rsatilayotgan har bir nomzodni tanishtirib o`tadi. Nomzodlar ham o`zining dasturi va istiqboldagi rejalarini bayon etadi. 

Ochiq ovoz berish har bir nomzod bo`yicha ishchi guruhiga kelib tushgan takliflar tartibiga qarab o`tkaziladi. Fuqarolar yig`inida hozir bo`lgan fuqarolarning yarmidan ko`proq ovozini olgan nomzod g`alaba qozongan sanaladi. Sanoq komissiyasi ovozlar sonini hisoblab, fuqarolar yig`ini qarorini eshittiradi. 

Yashirin ovoz berishda fuqarolarning o`zi xohlagan nomzodga hech kimning nazoratisiz ovoz berishi ta`minlanadi. Ovoz berish byulletenlari fuqarolar yig`inlariga sanoq komissiyasi tomonidan ovoz berishdan oldin tarqatiladi. Byulletenlar Oliy Majlis Senati tomonidan belgilangan namunada va shaklda tayyorlangan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!