O`zbek kinosining eng qimmat filmi premeraga tayyor. Filmning yaralishiga ishonishmagandi! (FOTO)

14:46, 06 may

O`zbek kinosida tub burulish yasashni maqsad qilgan rejissyor Akbar Bekturdiev o`zbek kino tarixidagi eng qimmat filmni suratga oldi. 

Bungacha Rustam Sa`dievning katta shov-shuvlarga sabab bo`lgan «Baron» filmi 1,5 mlrd so`mlik mablag`ga suratga olingan edi. «Oyqiz ertagi» esa «Baron»dan 100 mlnga qimmat, ya`ni film byudjeti 1,6 mlrd so`mni tashkil qildi. 

Shunday qilib, “O`zbekkino” Milliy agentligi so`nggi yillarda Markaziy Osiyoda ilk bora tarixiy ertak janriga qo`l urib, “Oyqiz ertagi” nomli filmni suratga olganligini e`lon qildi. 

Yosh kinorejissyor Akbar Berturdievga ishonib topshirilgan mazkur kartina sanoqlik kunlarda katta ekranlarga chiqish arafasida. 

Akbar Bekturdievning bu galgi filmi bilan uning nomi nafaqat tan olinganlar qatoriga qo`yiladi balki tarixda ham qolishi mumkin. 

“Ssenariyni yozib, badiiy kengashga topshirganimizda shu filmni “O`zbekfilm”da yaratish mumkinmi, o`zingni ko`zing etyaptimi, yana bir o`ylab ko`rasanmi, degan savollar ham bo`ldi. Oldimizda ikkita yo`l bor edi yoki haqiqattan ham shu ishni juda ajoyib qilish kerak yoki umuman qilmaslik kerak. O`sha vaqtda ya`ni ssenariyni topshirgan vaqtimizda o`zimizga ishonchimiz baland bo`lgani uchun fikrimizdan qaytmadik”, deydi film rejissyori Akbar Bekturdiev.

Haqli savol tug`iladi nima uchun filmga shuncha mablag` sarflandi. Bunga rejissyor quyidagicha javob berdi:

“Maishiy hayotimiz haqida film suratga olsak ham bir aktyorning libosi uchun ancha mablag` sarflanadi. Bu filmda esa yuzlab aktyorlar uchun maxsus tarixiy liboslar tayyorlandi. Bu kiyimlar ularning obrazi, xarakteri, tipajidan kelib chiqilib yaratildi, hattoki qurolining sopigacha o`ylandi. Bu uchun juda katta mablag`, vaqt kerak bo`ldi. Film tayyorgarlik jarayoni, dekorasiyalar qurish, filmdagi maxsus efektlar va montaj jarayoni ham yaxshigina vaqt va mablag`ni talab qildi. Bundan tashqari ushbu filmni eng so`nggi texnikalar bilan yuqori darajada ishlashga erishdik. Filmni 4K formatda suratga oldik, Dolby Surround 5.1. formatiga moslab ovozlashtirdik, juda ko`p sahnalarda maxsus effektlardan foydalandik.Film fentezi janrida bo`lib,unda sevgi-muhabbat, yovuzlik va adolat kabi mavzular ochib berilgan.”

Filmdagi voqealar Sarang malikasi Oyqiz tomonidan hikoya qilinadi. Rejissyor ushbu filmga dastavval “Cho`l malikasi” deya nom qo`yishni o`ylaydi, ammo keyinchalik uning fikri “Oyqiz ertagi”da to`xtaydi.

Filmda Yigitali Mamajonov, Yulduz Rajabovadan tashqari Alixan, Ma`ruf Otajonov, Dilbar Ikromova, Xayrulla Sa`diev, Feruza Sobitova va boshqalar ishtirok qilgan.

Film 3 yil mobaynida 1000 ga yaqin insonlar mehnati bilan yaratilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!