«MAN Auto-Uzbekistan» qo`shma korxonasi yangi yuk avtomobilini taqdim etdi

15:21, 06 may

«JV MAN Auto-Uzbekistan» qo`shma korxonasida bugungi kunda 50 turdan ortiq yuk avtomobillari va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda. 

Yaqindan boshlab korxonada 10 m3 nominal sig`imga ega MAN TGS 41.400 8X4 VV M072 rusumli avtobetonqorishtirgich ishlab chiqarilishi yo`lga qo`yildi, deya xabar beradi “O`zavtosanoat” AK axborot xizmati. Beton aralashmasini gidravlik usulda orqaga to`kib berish imkoniyatiga ega mazkur avtomobil tayyor beton qorishmasini kimyoviy va texnologik xususiyatlarini saqlagan holda iste`molchilarga etkazib berish uchun mo`ljallangan.

Maxsus transport vositasiga o`rnatilgan aylanuvchi barabanlar beton aralashmasini iste`molchiga etkazib berguncha tarkibi o`zgarmasligini ta`minlashga xizmat qiladi. Avtomobil baquvvat va tejamkor MAN D20 dvigateli, zamonaviy Common Rail yonilg`i uzatish tizimi hamda 16 bosqichli mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Kuchaytirilgan ressorli osmalar, barabanli ABS tormoz va elektron nazorat tizimlari maxsus yuk avtomobilining har qanday sharoitda ham ishonchingizni oqlashiga kafolat beradi. 

N3 transport vositasi kategoriyasiga kiruvchi avtobetonqorishtirgichning g`ildiraklar formulasi 8x4 ko`rinishga ega. Maxsus yuk avtomobilining gabarit o`lchamlari: uzunligi 9 350 mm, kengligi 2 500 mm, yuk ortilgan holatdagi balandligi 3 840 mm. ni tashkil etadi. Avtomobilning qayrilish diametri 20,5 m ni tashkil etadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!