Yosh chegarachilar Chirchiqda bellashdi

09:48, 10 may

5-7 may kunlari Chirchiq shahrida “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqalarining mamlakat bosqichi bo`lib o`tdi. 

Mazkur tadbir  O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo`mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, Madaniyat va sport ishlari, Sog`liqni saqlash vazirliklari va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. 

Ta`kidlash joizki, ushbu musobaqalar bo`lajak chegarachilarni harbiy xizmatga bosqichma-bosqich tayyorlash, Vatanimiz xavfsizligini ta`minlash uchun mas`uliyatini kuchaytirish, bu boradagi bilim va ko`nikmalarini mustahkamlash maqsadida 2011 yildan beri o`tkazib kelinadi. 

Bu yilgi musobaqalarning hududiy bosqichlarida respublikamiz chegaraoldi tumanlarida joylashgan kasb-hunar kollejlari va akademik liseylarda ta`lim olayotgan 4 ming nafarga yaqin o`quvchilar ishtirok etdi. Mamlakat bosqichiga yo`llanma olgan yigit-qizlar ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tayyorgarlik, birinchi tibbiy yordam, tarix, chet tillar, “O`zbekiston Respublikasining  “O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to`g`risida”gi qonunni bilasizmi?” kabi 20 ga yaqin yo`nalish bo`yicha o`z bilim va mahoratlarini sinovdan o`tkazishdi.

Uch kun davom etgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko`ra, Surxondaryo viloyatining “Sarhad posbonlari” jamoasi birinchi o`rinni qo`lga kiritdi. 2-o`rin Toshkent viloyatining “Energetik” jamoasiga nasib etdi. Farg`ona viloyatining “Qalqon” jamoasi  uchinchi o`rinni egallashdi. Shuningdek, bir qator nominasiyalar bo`yicha ham g`oliblar aniqlandi. G`olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho esdalik sovg`alari bilan mukofotlandilar.

“Yosh chegarachilar-2016” musobaqalarining yakuniy bosqichi ko`rgazmali chiqishlar va mashhur san`atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!