Yuzni tiniqlashtirishga xizmat qiladigan 6 mashq

15:40, 10 may

Bu oddiy mashqlarni istagan vaqtda, istagan joyda amalga oshirish mumkin, deb xabar beradi “Mail.ru” nashri.

Bo`shashing

Ko`zlaringizni yuming, mushtingizni qattiq tugmagan holda yumuq ko`zlarni aylana harakatlar bilan 2-3 daqiqa massaj qiling. Bu mashq ko`z atrofidagi mushaklarni bo`shashtirib, qon aylanishini yaxshilaydi, natijada ko`z atrofidagi qoramtir aylanalar yo`qoladi.

Hayron bo`ling

Ko`zlaringizni hayron bo`lgandek, katta oching. Keyin ko`zlaringizni qattiq yuming. So`ng yana ko`zingizni katta oching va yana mahkam yuming. Ko`zlaringiz namlanguncha, tez-tez yumib, oching. Shu bo`shashgan holatda 2-3 daqiqa turing. Bu mashq yuzning yuqori qismi mushaklarini mashq qildirib, ko`zning ko`rish qobiliyatini asraydi.

Lunjingizni shishiring

Chuqur nafas olib, bir necha lahzaga lunjingizni shishiring. Keyin lunjingizdan havoni chiqaring. Bu mashqni 8-10 marta bajaring. Bu mashq yonoqlar muskulini mustahkamlaydi. Bunga amin bo`lish uchun saksofonchilarning yonog`iga e`tibor bering.

Labingizni cho`chchaytiring

Tabassum qiling, keyin labingizni cho`chchaytiring va bu mashqni 20-25 marotaba takrorlang. Bu mashq lab atrofidagi mushaklarni bo`shashtirib, yuzingizga nur hadya etadi. Chin dilingizdan, yuzingizga to samimiy kulgi yoyilguncha, tabassum qiling.  

Qulog`ingizni torting

Quloq solinchagini 30 soniya pastga, 30 soniya yuqoriga torting, keyin esa uni soat strelkasi yo`nalishida 30 soniya, keyin teskari tomonga 30 soniya davomida aylantiring. Bu mashq miyaga qon kelishini yaxshi ta`minlab, odamni tetiklashtiradi.

Stressdan xalos bo`ling

Barmoqlaringizni qoshingiz ustiga qo`yib, iloji boricha ikki tomonga torting. 3-4 daqiqa davomida shu mashqni takrorlang. Bu mashq qattiq tushkunlikka tushgan mahalingiz sizni stressdan xalos qiladi, bo`shashtiradi.

Agar yuqoridagi mashqlarni kun davomida muntazam bajaradigan bo`lsangiz, o`zingizni tetik his qilasiz. Biror tadbirga yoki suhbatga borishdan ilgari 15 daqiqa vaqt topib shu mashqlarni bajarishga harakat qiling. Shundan keyin yuzingizdan nur, xotirjamlik barq urib, atrofingizdagi insonlarda iliq taassurot uyg`otasiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!