O`g`li diniy terroristik oqimga qo`shilib ketgan otaning nadomatlari (real voqea asosida)

11:33, 11 may

 “...Men bir paytlar tadbikorlik qilardim, poytaxtimizning old oilalaridan biri edik. Mahalla-kuy, qo`ni-qo`shnilar orasida o`ziga yarasha hurmatimiz bor edi. Ayolim bilan birga ikki o`g`il va bir qizni hech narsaga zoriqtirmay katta qildik. 

Farzandlarim birin-ketin ulg`aya boshladi. Ularning kamolini ko`rib quvonchim ichimga sig`masdi. Katta o`g`lim Sardor ota kasb dedimi, bozor ishlarida menga ko`maklashib yurdi. Ishlarimiz kundan-kunga yaxshilanib borardi. Kichik o`g`lim va qizim institutga o`qishga kirdi. Xullas farzandlarimdan ko`nglim to`q, davralarning to`rida hech kimga gap bermay, maqtanib o`tirardim.  

Kunlardan bir kun... Ochig`i, o`sha kunni eslagim ham kelmaydi,  Sardor mendan o`rtoqlari bilan masjidga juma namoziga borish uchun ruxsat so`radi. To`g`risi, o`g`limning bu ishidan suyundim va unga ruxsat berib, u kelgunicha, do`kondagi mollarni o`zim sotib turdim. Hammasi mana shundan boshlandi.  Men ahmoq Sardorga ruxsat berishga beribmanu, uning yonidagi o`rtoqlarini yaxshilab surishtirmabman. Shu tariqa o`g`lim juma namozlarini kanda qilmaydigan bo`ldi. Asta-sekin soqol qo`yib, besh vaqt namoz o`qiydigan taqvadorga aylandi-qoldi. Uydagilarni ham dinga da`vat qiladigan, hatto menga, o`z otasiga aql o`rgatadigan odat chiqardi. Bundan-da oshib tushgani har safar nimalarnidir bahona qilib, bozorda ishlab topgan pullarimizdan bir qismini o`ziga olib qola boshladi. 

Shundagina kimdir uning miyasini zaharlayapti, degan fikrga keldim va surishtira boshladim. Sardorni qistovga oldim, o`rtoqlari haqida so`radim. Ular o`g`lim bilan faqatgina telefon orqali bog`langani bois o`rtoqlarining kimligini bilolmadim. Bu haqda hech kimga aytmadim. O`g`limning aybdor bo`lib qolishini o`ylab, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishdan cho`chidim va bu menga qimmatga tushdi. 

Sardor bora-bora  gapimga umuman  kirmay qo`ydi va ishlash uchun Turkiyaga borishini aytib uydan qochib ketdi. Oradan biroz vaqt o`tib, uchastka noziri, mahalla posboni va oqsoqol kelib, Sardor haqida so`radi hamda uning diniy terroristik oqimlarga qo`shilib qolgani haqida ma`lum qildi. 

Buni eshitgan xotinim Adibaning qon bosimi ko`tarildi va hushidan ketib yiqildi. “Tez yordam” mashinasida uni shifoxonaga olib bordik. O`sha joyda bir ahvolda o`ziga keldi. Atrofga biroz termulgancha, holsiz ohangda  “mening Sardorjonim qani, nega kelmayapti, bu gaplarning hammasi yolg`on-a dadasi?” dediyu  ko`zini yumdi. Shu-shu boshqa ko`zini ochmadi... Bu uning oxirgi so`zlari edi. 

Adibaning ma`rakalari ham o`tdi, lekin o`g`lim Sardordan darak bo`lmadi. Tez orada Sardor haqidagi gap-so`zlar mahalla-kuyga tarqaldi. Qo`shni mahallaga turmushga chiqqan qizim Gulchehrani akasining bu qilmishlarini eshitgan kuyovim va qaynonasi uydan haydab yubordi. Hozir qizim bir yoshli nabiram Sevara bilan bizning uyda yashamoqda. Har kuni yig`lab eziladi. Men va kichik o`g`lim Azizbek bosh ko`tarib ko`chaga chiqishga uyaladigan bo`lib qoldik. Mahalla-kuy, qo`ni-qo`shnilar orasida boshimiz egik. Qachonlardir o`g`lim haqida faxr bilan og`zim to`lib, gapirardim, bugun esa bunday farzandni dunyoga keltirib, voyaga etkazganimdan el-yurt oldida uyatga qoldim. Hammasiga o`zim aybdorman, vaqtida e`tiborsizlik qildim. Eng yomoni mening e`tiborsizligim va jur`atsizligim tufayli o`g`lim Sardor noto`g`ri yo`l tutib, dom-daraksiz ketdi va yuzi qora bo`ldi. Bu isnodni ko`tarolmay guldek xotinim Adiba 44 yoshida olamdan o`tdi. 

Kichik o`g`lim Azizbek hali 20 yoshga ham kirib-kirmay ichkilikbozlikka berildi. Endi unga ham so`zim o`tmay qoldi. Eridan ajrashib kelgan qizim Gulchehra esa nima qilishini bilmay sarg`ayadi. Nabiram “dadam va buvijonimga ketaman” deb yig`lagani-yig`lagan. Jigarbandlarim kundan-kunga tushkunlikka tushib, so`nib borayaptiyu, men esa ojizman, ha ojiz va notavon otaman...  

Na o`ngimda, na uyqumda halovat bor, Adiba bilan farzandlarimiz og`ushida o`tgan baxtli kunlarimiz ko`z oldimda gavdalanaveradi. Yana o`sha kunlarga qaytgim keladi! Eh, o`sha paytlar baxtdan sarmast ekanmanda. Vaqtida ko`zim ochilmabdi-da. Afsus endi kech! Juda kech!

Tinimsiz o`ylanaverishlar natijasida yuragim xuruj qiladigan odat chiqardi. Bu ham etmaganday, qandli diabet kasaliga chalinibman. Birgina e`tiborsizlik, loqaydlik meni shu kuyga soldi.

Qadrli gazetxon! Bu kishi nimaga bularni gazetaga yozib, dardini dasturxon qilyapti deyishingiz mumkin. Balki, siz haqdirsiz.. Mayli, men-ku o`z xatoyim sabab ayanchli ahvolga tushdim, azobini ham o`zim tortyapman. Lekin mening ko`rgan-kechirganlarim boshqalarga o`rnak bo`lishini istardim. Hech bo`lmasa, shu tariqa boshqa otalar men kabi achchiq qismatga duchor bo`lishining oldini olishga hissamni qo`shish istagi kechinmalarimni qog`ozga to`kishga undadi. Ogoh bo`ling, azizlar!    

Azamat Bo`ronov, Toshkent shahri

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 12:35, 12 may
Тугри олдини олган яхши