IX Innovasion g`oyalar yarmarkasida 650 ta yangi loyiha taqdim etildi

10:34, 12 may

Poytaxtimizdagi «O`zekspomarkaz»da IX Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi boshlandi. Joriy yilgi yarmarkada taqdim etilgan qariyb 650 ta yangi loyihaning 70 dan ortig`i yosh olimlar va talabalarga tegishlidir. 

Anjuman O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo`mitasi, Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etildi. 

Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida namoyish etilayotgan yangiliklarning 130 tasi sanoat, 116 tasi qishloq xo`jaligi sohasidagi dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgan. 130 dan ziyod ishlanma va ilg`or texnologiyalar sog`liqni saqlash va farmasevtika uchun mo`ljallangan, 89 tasi axborot texnologiyalari, yana 34 tasi ilm-fan va ta`lim sohasidagi yangi dasturiy mahsulotlardir. 

Ta`kidlash joizki, o`tkazilgan sakkizta innovasion yarmarkada umumiy qiymati 112,6 milliard so`mlik 3,1 mingdan ortiq shartnoma imzolangan edi. Mazkur shartnomalarning amalga oshirilishi natijasida 59 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan, 55 turdagi tajriba namunalari tayyorlanib, 100 dan ortiq tashkilot, korxona va fermer xo`jaligiga ilmiy-texnik yordam ko`rsatilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!