Kann kinofestivali tarixidagi eng bejirim liboslar(Foto)

10:59, 12 may

Kann kinofestivali nafaqat kino bayrami, balki modalar olamidagi jahonshumul voqealarga sabab bo`luvchi bayram sifatida ham nishonlanadi. 11 may kuni 69 chi marotaba bu festival yana o`z ishini boshlaydi. Hayajonlangan omma qarshisidagi qizil yo`lakchadan ularning sevimli aktrisalari va aktyorlari turli yorqin liboslarda o`ta boshlaydi. “Elle.ru” nashri festivalda eng chiroyli libosi bilan muxlislarning yodida qolgan aktrisalarni sizga tanishtiradi.

Bridjit Bardo 1954

Kann kifestivalining timsoli unvoniga albatta Bridjit Bardo loyiq. Fransuz aktrisasi ilk marotaba 1953 yilda debyut rolini ijro etgan. Rejissyor Roje Vadimga turmushga chiqqanidan bir yil o`tib, festivalga haqiqiy yulduz sifatida tashrif buyurgan. Aktrisa tanlagan libos uni yanada ko`rkamlashtirib, festivalning haqiqiy yulduziga aylantirgan. 

Sofi Loren 1955

1955 yilda Kann kinofestivalida aktrisa Vittorio De Sikaning “Neapol oltini” filmidagi roli bilan qatnashgan. Film festivalning biror mukofotiga sazovor bo`lmagan bo`lsa-da, go`zal Sofi Lorenning bashang libosi tomoshabinlarning e`tirofiga sazovor bo`ldi va o`z asrining eng zamonaviy, chiroyli libosi bo`lib tarixda qoldi.

Elizabet Teylor 1957

25 yoshli Elizabet Teylorning 1957 yilda Kann kinofestivali qizil yo`lakchasidan o`tishi uning kinematografiya qirolichasi unvoniga da`vogarlik qilayotganidan darak berdi. Bo`lajak Kleopatra uchinchi eri, prodyuser Mayk Todd sovg`a qilgan qimmatbaho tojni boshiga qadagan holda paydo bo`ldi.

Jeyn Birkin 1974

Kannda faqat oqshom liboslari emas, kokteyl ko`ylaklar ham urfdaligini Jeyn Birkin isbotlagan. Xonanda, aktrisa va Serj Gensburning rafiqasi bo`lgan Jeyn taqqan akssesuarlar, sumka sifatida ko`tarib olgan savatcha ham ommaning diqqat-e`tiborini tortgan.

Madonna 1991

Festivalga ichki kiyimga o`xshash libosda kelgan Madonnani o`n beshta tansoqchi qo`riqlagan. Jan-Pol-Gotening janjalli ijod namunasini ko`pchilik o`sha paytda tushunmagan edi.  

Sofi Marso 1992

Qizil yo`lakchadan qizil ko`ylak kiyib o`tishga hamma ham jur`at etolmaydi. Elkasiga tashlab olgan no`xat nusxa qora mato Sofi Marsoni jozibali Karmenga aylantirgan. 

Keyt Moss1998

Keyt Moss va Jonni Depp juftligi ularni kinofestivalning eng chiroyli juftliklaridan biriga aylantirdi. Pat qadalgan qora ko`ylak 1998 yilning eng zamonaviy liboslaridan biriga aylandi. Moss o`tgan yili xuddi shunga o`xshash libosning Topshop modelini yaratdi.

Ayshvariya Ray 2002

2002 yilda Ayshvariya Ray ilk marotaba Kann festivalida ishtirok etdi. U debyuti uchun an`anaviy hind sarisini tanlab, adashmadi. Sariq rangli sari va oltin taqinchoqlar yordamida u qizil yo`lakchaning yulduziga aylandi. Kelasi safar Ayshvariya Ray Kann kinofestivalida hakamlar hay`ati vakili sifatida qatnashdi.

Beyonse 2006

2006 yilda xonanda Beyonse Kannda o`zining aktyorlik ishi, “Orzudagi qizlar” filmidagi roli bilan qatnashdi. U House of Dereon brendining yirik gulli, onasi Tina tomonidan aynan unga atab tikilgan ko`ylagida tashrif buyurgan.

Linda Evangelista 2008

Linda Evangelistaning Lanvin brendiga tegishli bo`lgan yaltiroq ko`ylagi kinofestivalga tashrif buyurgan boshqa yulduzlarning libosini ortda qoldirdi.

Anjelina Joli 2009

2009 yilda Kann kinofestivalida qatnashgan Anjelina Joli Versace brendiga tegishli, novvotrang ko`ylagi bilan black tie olamiga bu rangni qaytardi.

Keyt Blanshett 2010

Keyt Blanshettning qizil yo`lakchada har safar tantanali ravishda paydo bo`lishi, modalar olamida katta shov-shuvlarga sabab bo`ladi. 2010 yildagi Alexander McQueen brendiga tegishli libos bu safar ham oqshomning eng ko`rkam liboslaridan biri sifatida tan olindi.

Fan Binbin 2012

Christopher Bu brendiga tegishli ko`ylak Fan Binbinni tirik ayol emas, balki chinni haykalchaga o`xshatib qo`ydi. Qo`lda naqsh solib tikilgan bu ko`ylak uni Qadimgi Xitoy afsonalaridagi hurliqolardan biriga aylantirdi. 

Diana Kryuger 2012

2012 yilda Diana kinofestival hakamlar hay`atining a`zosi bo`ldi. Cristian Dior brendiga tegishli bu libosni moda tanqidchilari kinofestival tarixidagi eng chiroyli ko`ylaklardan biri deb tan oldi.

Bleyk Layvli 2014

Bleyk Layvlining kinofestival qizil yo`lakchasida paydo bo`lishi fashion qirolichasi unvoniga ega bo`lishiga sabab bo`ldi. Gucci Premiere ning oq-qora libosi, Lorraine Schwartz taqinchoqlari ommaning diqqat-e`tiborini unga qaratdi. Uning homiladorligini eng qiziquvchan jurnalistlar ham sezmay qolishdi. Bleyk buni oradan bir necha oylar o`tgandan keyin e`lon qildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!