Gamburgerdan inson va kalamush DNKsi topildi

14:23, 12 may

Amerikalik tadqiqotchilar gamburgerdan inson va kalamush DNKsini topishdi. Bu judayam yomon xabar emas, deb ma`lumot berdi “Vesti.ru” nashri.  

Clear Labs kompaniyasi vakillari supermarketlarda sotiladigan muzlatilgan kotletlar, Amerikaning Kaliforniya shtati hududidagi ovqatlanish tarmoqlarida sotiladigan gamburgerlarni, jami 258 xil mahsulot namunasini tekshiruvdan o`tkazishdi. Tekshiruv jarayonida 13,6 foiz muammo aniqlandi. Mahsulot ishlab chiqaruvchilar uning ustiga mahsulotning kaloriyasini yozgan holda, uning tarkibi haqida ma`lumot berishni “esdan chiqarib qo`yishadi”. Mol go`shtidan tayyorlangan kotletda cho`chqa, kurka go`shtidan tayyorlanganida esa tovuq DNK si borligi aniqlandi.

Tadqiqotchilarning yana bir xulosasi burgerxo`rlarni asabiylashtirishi mumkin. Ba`zi bir mahsulotlarda esa kalamush va hatto... inson DNKlari mavjudligi aniqlangan. Bu u darajada dahshatli xabar emas, deydi tadqiqot mualliflari. Aksariyat mahsulotlarda inson va sut emizuvchi hayvonlar genetik materialini, hatto hasharot, qurt-qumursqalarni ham topish mumkin. Bu degani, gamburger tayyorlanish jarayonida unga inson sochi yoki kalamush juni qo`shilib qolishi mumkin. Bunday hollarni nazorat qiluvchi xizmat xodimlari bundan xabarlari borligini omma oldida tan olishdi. 

Bunday gamburgerlar inson yoki kalamush go`shtidan tayyorlanmaydi, biror kishi qo`liga qo`lqop kiymay gamburgerga tegsa ham yuqoridagi voqea ro`y berishi mumkin. Vegetarianlar biz muammodan xalosmiz deb xursand bo`lishayotgan bo`lsa, ularni ham ranjitadigan xabar bor. Vegetarian kotletlaridan go`sht qoldiqlari topilgan.

Ekspertlar Clear Labs tadqiqotlari xulosasining hech qanday yomon tomoni yo`q, deb hisoblashmoqda. Ular o`tgan yili xot-dog tarkibini tekshirishganda, sosiskadan ham inson genetik materialini topishgan edi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!