Putinga ekskursiya uyushtirgan general noqulay vaziyatga tushib qoldi (Video)

12:06, 13 may

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Sochiga qilgan tashrifi chog`ida unga hamrohlik qilayotgan general-leytenant Aleksandr Shevchenko yangi harbiy-texnikani namoyish qilmoqchi bo`lib, “UAZ-Patriot” avtomobili eshigini ochmoqchi bo`lgandi eshik tutqichini yulib oldi. Bu voqeaning videoyozuvini Life nashri e`lon qildi, deb xabar berdi “Tjournal.ru”. 

“UAZ-Patriot” avtomobilining ishlash jarayoni haqida izoh bergan Shevchenko, avtomashina oddiy yo`lda boshqa avtomashinalar oqimiga sezdirmay qo`shilib olishi mumkinligini aytib o`tdi. Bundan tashqari pikapga pulemyot yoki granatomyot ham o`rnatish mumkin, avtomashina kuzovida snaryad saqlash uchun artilleriya omborchasi ham joylashgan.

Putin mashina kabinasiga yaqinlashib, uni ochib ko`rmoqchi bo`ldi, ammo buning uddasidan chiqolmadi. Yordamga etib kelgan Shevchenko avtomashina tutqichini bir necha marta tortib ko`rdi, biroq eshik ochilmay, tutqich uning qo`lida qoldi.

Buni ko`rgan prezident “Yashang!” deb kulib yubordi. Noqulay ahvolda qolgan Shevchenko tutqichni avtomashinaning ochiq oynasidan o`rindiqqa tashladi.

Russia Today videoyozuvlarida ekskursiya tafsilotlari to`liq ko`rsatildi, biroq telekanal yulingan tutqich voqeasini namoyish etmadi. “Life” nashri tomonidan savolga tutilgan mutaxassislar avtomashina eshigi elektron qulf bilan berkitilgani tufayli ochilmay qolganini, dvigatel ishlagandan keyin Shevchenko uning hech bir qiyinchiliksiz ochganligini ma`lum qildi. Shevchenkoning o`zi esa bu voqeani: “Rossiya harbiy kuchlari generali ham jismoniy tarbiyadan sinov topshiradi. Uning jismonan baquvvatligi har qanday normativni bajarishiga imkon beradi”, deb izohladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi saytida general-leytenant Shevchenko vazirlikning avtobronetank boshqarmasi boshlig`i lavozimida xizmat qilishi haqida aytib o`tilgan. Ekskursiyada Putin bilan birga Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham ishtirok etgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!